Xitoyning WeChat Pay to‘lov tizimi O‘zbekiston to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilinadi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

23-aprel kuni Markaziy bankda Xitoy texnologik kompaniyasi Tencent Holdings Ltd tarkibiga kiruvchi Tencent Cloud International kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda O‘zbekistondagi raqamli texnologiyalar va bulutli infratuzilmani rivojlantirish borasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar xolding kompaniyasi tarkibidagi WeChat Pay raqamli to‘lov tizimini O‘zbekistondagi mahalliy to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilish masalasini ko‘rib chiqdilar.

Shu bilan birga, muzokaralarda QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlari hamda bu yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollariga e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida to‘lov tizimlari sohasidagi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi hamda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar kelishib olindilar.

Avvalroq Markaziy bank departamenti rahbari o‘rinbosari Miraziz Mirhayotov WeChat va Alipay bilan integratsiya ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgandi.

Mirhayotov Spot muxbirining Xitoyning WeChat yoki Qozog‘istonning Kaspi kabi tizimlariga o‘xshash superappni ishlab chiqish borasidagi savoliga o‘tgan yilgi prezident farmoni loyihasiga kiritilgan ushbu taklif faqat xorijiy sayyohlar uchun nazarda tutilganini tushuntirdi.

Markaziy bank mamlakat ichida bunday superappning yaratilishi sog‘lom raqobat allaqachon shakllangan fintex bozori rivojlanishini sekinlashtiradi, deb hisoblaydi. Mirhayotov konsolidatsiya o‘rniga Uzcard va Humo‘ni xorijiy to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilishni taklif qildi, bu esa xorijiy sayyohlar uchun to‘lovlarni osonlashtiradi.

“Hozir biz bu yo‘nalishda ish olib boryapmiz, texnik hujjatlarni to‘g‘irlayapmiz. WeChat va Alipay bilan milliy to‘lov tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha muzokaralar boshlandi”, — dedi Miraziz Mirhayotov.

Uning qayd etishicha, birinchi bosqichda tomonlar xorijiy sayyohlar O‘zbekistonda to‘lovlarni amalga oshirish imkonini yaratish ustida ish olib bormoqda. Ikkinchi bosqichda esa o‘zbekistonliklarning Xitoyda Uzcard va Humo orqali to‘lovlari bo‘yicha shu kabi ishlar rejalashtirilgan.

Avvalroq Markaziy bank Markaziy bank fuqarolarni Tezkor to‘lov tizimiga ulashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Bu ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan bo‘ladi, biroq belgilanadigan tariflar bozordagi raqobatga ta’sir ko‘rsatmasligi lozim.