Onlayn to‘lovlar sohasining yetakchi o‘yinchilari bir qator sohalarda naqd pulsiz hisob-kitoblarni oshirishni taklif qilishdi. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Elektron to‘lovlar ulushini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini tayyorlash doirasida agentlik mutaxassislari Click asoschisi va bosh direktori Ulug‘bek Rustamov, OSON yuridik direktori Dilshod Keldiyarov hamda Paynet bosh direktori Anvar Isamuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda elektron to‘lovlarning boshqa hisob-kitob shakllariga nisbatan raqobatbardoshligiga ta’sir qiluvchi omillar ko‘rib chiqildi. Tomonlar elektron to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘lishi lozim bo‘lgan sohalar ro‘yxatini kengaytirish kerakligini qayd etdilar.

Xususan, to‘lov tashkilotlari vakillari avtoturargoh va bozorlarda patent to‘lovlarini yig‘ishda haligacha naqd puldagi to‘lovlar ustunligini ta’kidlab, bu sohalarni elektron to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘lgan yo‘nalishlar ro‘yxatiga kiritishni taklif qildilar.

Shuningdek, kommunal xizmatlar, temiryo‘l chiptalari hamda marketpleyslardagi xaridlar bo‘yicha to‘lovlarni 100% naqdsiz hisob-kitob tizimiga o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi. Ishtirokchilarning qayd etishicha, bu to‘lov jarayonlarini soddalashtirib, naqd pulning yashirin aylanmasini kamaytirishga xizmat qiladi.

Strategik islohotlar agentligi biznes, IT-sohasi vakillari va ekspertlar bilan muloqotni davom ettiradi. Barcha taklif va tashabbuslar tahlil qilinib, elektron to‘lovlar ulushini oshirish, qulay to‘lov infratuzilmasini yaratishga qaratilgan prezident qarori loyihasini tayyorlashda inobatga olinishi qayd etildi.

17-aprel kuni agentlik elektron to‘lovlar ulushini oshirish bo‘yicha takliflar qabul qilinishini ma’lum qildi. Mutaxassislar, biznes vakillari va boshqa ko‘ngilli fuqarolar ushbu yo‘nalishdagi taklif va tashabbuslari hamda fikr-mulohazalarini takliflar@asr.gov.uz elektron pochtasiga yuborishlari mumkin.

Joriy yilning 1-iyulidan ayrim kompaniyalarga to‘lov tizimlariga ulanish majburiy bo‘ladi. Bu budjet tashkilotlari, gaz va neft sotuvchi hamda mulkni ijaraga beruvchi yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

Avvalroq Markaziy bank Xitoyning Tencent kompaniyasi bilan WeChat Pay’ni O‘zbekiston to‘lov tizimlariga integratsiya qilishni ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi.