Markaziy bank boshqaruvi 24-apreldagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, oxirgi oylarda shakllangan umumiy va bazaviy inflyatsiya ko‘rsatkichlari inflyatsion jarayonlar va vaziyatning muallaq holatda qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy, joriy darajasida saqlab qolishga talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosibliklar hamda tashqi noaniqliklar bo‘yicha xatarlar ta’sir qildi. Bu orqali Markaziy bank inflyatsiya ko‘rsatkichlari va kutilmalarini barqaror pasayish trendiga qaytarishga va 5% lik targetga erishishga yetarli sharoit yaratilishini kutmoqda.

Yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasi o‘suvchi trendga o‘tib, mart oyida yillik 10,3% ni tashkil etdi. Bazaviy inflyatsiya ham tezlashishda davom etdi — yillik 8,1%. O‘z navbatida, narxlarga taklif omillari bilan bir qatorda talab omillari ham oshiruvchi ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘tgan oyda yoqilg‘i va energiya ta’minoti yaxshilanishi, almashuv kursining barqaror shakllanishi bilan aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasaygan bo‘lsa-da, joriy inflyatsiya ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada qolmoqda.

2024-yilda energiya narxlari erkinlashtirilishining birlamchi ta’siri ikkinchi chorak yakunida tugashi bilan umumiy inflyatsiyaga pasaytiruvchi ta’sir qildi. Xalqaro savdo sharoitlarining yomonlashishi global iste’mol narxlari hamda ishlab chiqarish xarajatlarining ortishi va tashqi inflyatsion bosimlarning kuchayishi xavfini oshirmoqda.

Markaziy bank yil yakunigacha umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichi 7−8% lik prognoz koridorining yuqori chegarasiga yaqin darajada shakllanishini kutmoqda.

Birinchi chorakda iqtisodiy o‘sishning 6,8% gacha tezlashishiga yalpi iste’mol va investitsion faollikning oshishi ta’sir qildi. Shu bilan birga, bunda transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining yuqori o‘sishi hamda kreditlash sur’atlarining tezlashishi ham bor.

2025-yilda yuqori iqtisodiy faollik hisobiga YIM o‘sishi tendensiyasi davom etib, yil yakunida 6% atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Xususiy investitsiyalar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib, tovar va xizmatlar taklifining ortishiga xizmat qiladi.

Joriy yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyuta kurslarining mustahkamlanishi hamda so‘m almashuv kursining hamkor davlatlar valyuta kurslariga nisbatan barqarorligi fonida real samarali almashuv kursi o‘zining o‘rta muddatli trendi doirasida shakllanmoqda.

Pul-kredit sharoitlari joriy qat’iylik darajasining saqlab qolinishi kreditlash hajmi o‘sishining mo‘tadillashuvi va depozitlarning yuqori o‘sish sur’atlari davom etishini ta’minlaydi, yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyatsiyaga ta’sirini kamaytiradi. Asosiy stavkaning o‘zgarishsiz qoldirilishi esa narxlar barqarorligini ta’minlash mumkin.

Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyani 5% lik maqsadli darajasigacha pasaytirish uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanishini qayd etdi.

Shuningdek, may oyidan energiya narxlarining oshirilishi bilan uning inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarga ikkilamchi ta’sirlaridan kelib chiqib, pul-kredit sharoitlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.