Gmail yangi qulay “Obunalarni boshqarish” sahifasini ishga tushirmoqda. Bu haqda 9to5google nashri xabar berdi.
U foydalanuvchilarga elektron pochta xabarlariga obunani bir marta bosish orqali bekor qilish imkonini beradi. Biroq, hozircha bu imkoniyat faqat Android qurilmalarida mavjud.
Google allaqachon Gmail’ga bir qator o‘zgartirishlar kiritgan. Bu o‘zgarishlar barcha pochta qutilardagi elektron pochta obunalari ko‘payib ketishi bilan bog‘liq.
Ilovada foydalanuvchilarga ushbu yangi imkoniyat haqida xabar beruvchi bildirishnoma paydo bo‘ladi, qo‘shimcha menyuda esa “Obunalarni boshqarish” tugmasi joylashgan.
Ekranning o‘ng tomonidagi tugma foydalanuvchilarga ushbu jo‘natuvchidan kelayotgan xatlarga obunani bir zumda bekor qilish imkonini beradi.
Google obunani bekor qilish funksiyasidan foydalanganingizdan keyin “jo‘natuvchilar xabar yuborishni to‘xtatishi uchun bir necha kun kerak bo‘lishi mumkin” deb qo‘shimcha qildi.
Bu funksiya hali Gmail veb-ilovasida ham, iOS ilovasida ham taqdim etilmagan. Qachon keng qo‘llanilishi hali aniq emas.
Avvalroq Spot Google Gmailda yangi xavfsizlik qoidalarini joriy qilgani haqida yozgandi.
Endi kompaniya xavfli deb hisoblagan ilovalar, shuningdek, xavfsizlik protokollari bo‘lmagan qurilmalar Gmailga kirish huquqini yo‘qotadi.