Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston rasmiylarini amaldorlarning daromadlarini deklaratsiyalash va axborot beruvchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni qabul qilishni tezlashtirishga chaqirdi. Bu haqda missiyaning 2025-yilgi maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha yakuniy bayonotida keltirilgan.

Jamg‘arma davlat boshqaruvi, mehnat bozori va iqlim kun tartibi bilan bog‘liq islohotlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladi. So‘nggi yillarda davlat boshqaruvi samaradorligi ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilandi. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonun, uning qoidalarini qo‘llash bo‘yicha davlat xizmatchilarini o‘qitish va Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida prezident farmoni qabul qilindi.

“Yaqin vaqt ichida davlat mansabdor shaxslari va davlat korxonalari rahbarlarining mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi hamda xabardor qiluvchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi hukumat tomonidan ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Rasmiy organlar ushbu qonunlarni imkon qadar tezroq qabul qilishi va amalga kiritishi kerak”, — deyiladi missiya xabarida.

Xususan, xaridlar sohasida shaffoflik va axborotdan foydalanish imkoniyatini oshirish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyani ishlab chiqishni yakunlash davlat xarajatlari va ularni boshqarish samaradorligini oshirishga yordam beradi.

XVJ ayollarning mehnat faoliyatidagi ishtiroki pastligi, norasmiy sektor ulushining yuqoriligi va xodimlar malakasining mehnat bozori talablariga mos kelmasligi muammolarini hal qilish uchun mehnat bozoridagi islohotlarni jadallashtirishni tavsiya qildi.

Energiya tariflari islohotini yakunlash va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini diversifikatsiya qilish va o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni qabul qilish iqlim kun tartibini amalga oshirishda sezilarli yutuqlarni ta’minlaydi. Statistika sifatini oshirish tahlilni yaxshilashga va yanada asosli siyosat choralarini ishlab chiqishga olib keladi, deya ta’kidladi missiya.

Mart oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilish vaqti kelganini ta’kidlanib, mutasaddilarga tez fursatda qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish va 1-aprelgacha kiritishni topshirgandi. Unda noqonuniy boylik orttirish uchun javobgarlik masalasi ko‘rish chiqiladi.

Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning moliyaviy barqarorligiga mikrokreditlashning tez sur’atlar bilan o‘sishi xavf tug‘dirayotganini aniqlagani haqida xabar berilgandi.