Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning moliyaviy barqarorligiga mikrokreditlashning tez sur’atlar bilan o‘sishi xavf tug‘dirayotganini aniqladi. Bu haqda fond missiyasining 2025 yilgi maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha yakuniy bayonotida ma’lum qilingan.

XVJ Markaziy bankka moliyaviy barqarorlik uchun yuzaga kelayotgan xatarlarni diqqat bilan kuzatib borish va ularni bartaraf etishga tayyor turishni davom ettirishni tavsiya qildi.

Shu munosabat bilan, regulyatorning so‘nggi makroprudensial chora-tadbirlari aholini kreditlash o‘sishini sekinlashtirdi va banklarni qarz oluvchilarning kredit qobiliyatiga ko‘proq e’tibor berishga undadi.

“Shunday bo‘lsa-da, mikrokreditlash segmenti tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda, chunki mikroqarzlar va mikrokreditlar yengilroq shartlarda berilmoqda. Moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar ijobiy baholanishga loyiq bo‘lsa-da, ular banklarning kredit layoqatini to‘g‘ri baholash imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligiga ishonch hosil qilish lozim, chunki bu moliyaviy barqarorlik uchun xatarlarni kuchaytirishi mumkin” — deya ta’kidlanadi missiya bayonotida.

Markaziy bank bu xatarlarni cheklash maqsadida riskga yo‘naltirilgan nazoratni kuchaytirishi hamda zarur hollarda kapitalga qo‘shimcha talablar yoki boshqa majburiy makroprudensial me’yorlarni joriy etishi kerak.

Regulyator, shuningdek, himoyalanmagan korporativ qarz oluvchilarni valyutada kreditlash, rasmiy daromadga ega bo‘lmagan jismoniy shaxslarni va to‘lovga qobiliyatsizlik yoki likvidsizlik xavfi yuqori bo‘lgan korporatsiyalarni kreditlash bilan bog‘liq xatarlarni bartaraf etishi kerak. Imtiyozli va ko‘rsatma asosidagi kreditlashdan voz kechish asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Mikromoliyalash

Yaqinda Fitch Ratings’ning bank sektori direktori Pavel Kaptel chakana kreditlashning rivojlanishi bank sektorining dollarlashuv darajasini va kreditlarning konsentratsiyasini pasaytirishini, shuningdek, banklar uchun foydaliroq segment ekanligini aytdi. Biroq, uning fikricha, chakana kreditlash bozorida qizish xavfi mavjud bo‘lib, bu kelgusida banklar aktivlari sifati bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin.

“Mikroqarz va mikrokreditlarga e’tibor qaratsak, bu sohada vaziyat ancha barqaror, yildan-yilga sezilarli darajada o‘sish kuzatilmoqda. Shubhasiz, bu yerda past baza ko‘rsatkichi ta’siri bor, bu esa yuqori o‘sishni izohlaydi. Shu bilan birga, biz aholining haddan tashqari qarzdorlik xatari mavjudligini tan olamiz. Shu sababli, yaqin kelajakda Markaziy bank tomonidan potensial xatarlarni oldini olish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar ko‘rilishini kutmoqdamiz”, — deya ta’kidladi u.

2024-yilda milliy valyutada rasmiylashtirilgan mikroqarzlar va mikrokreditlar berish hajmi 50%dan ko‘proqqa oshdi: mikroqarzlar miqdori 45,83 trln so‘mni tashkil etib, 59,44%ga ko‘paydi, mikrokreditlar esa 17,4 trln so‘mga yetib, 52,91%ga o‘sdi.

Mikromoliya tashkilotlari orasida Uzum ekotizimi yetakchi bo‘lib, u Shaffof-moliya va Tezcoin orqali 7 trln so‘mlik kreditlar ajratdi — bu barcha ajratilgan kreditlarning yarmi yoki onlayn rasmiylashtirilgan kreditlarning 90%ini tashkil etadi.


Avvalroq Spot Markaziy bank mikroqarzlarning to‘liq qiymatini cheklashni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Mikroqarzlar bo‘yicha cheklangan stavka kuniga 0,3% dan 0,25% gacha pasaytirilmoqda. Muddatli to‘lav va lizing qarz yuki ko‘rsatkichida hisobga olinadi.