Microsoft aniq kutilmalar va muddatlarni o‘z ichiga olgan yangilangan samaradorlikni oshirish rejasini (Performance Improvement Plan) ishlab chiqdi. Bu haqda Business Insider ichki hujjatlarga asoslanib xabar bermoqda.
AQShdagi past samaradorlik ko‘rsatayotgan xodimlar ushbu dasturda qatnashishni yoki 16 haftalik maosh to‘lovi evaziga o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shashni tanlashlari mumkin.
Qayd etilishicha, ishchilarda qaror qabul qilish uchun besh kun vaqt bo‘ladi. Agar ular samaradorlikni oshirish rejasini tanlasa, to‘lovlar amalga oshirilmaydi.
“Unumdorlikni oshirish jarayoni yil bo‘yi davom etadi, shuning uchun siz tezkor va shaffof tarzda harakat qilib, xodimlarga tanlov imkoniyatini berishingiz orqali unumdorlik bilan bog‘liq muammolarni hal qilishingiz mumkin”, — deya ta’kidlangan menejerlarga yo‘llangan xatlardan birida. Microsoft sharh berishdan bosh tortdi.
Xodimlarga Microsoft doirasida boshqa lavozimga o‘tish yoki ikki yil davomida kompaniyaga qayta ishga joylashishni taqiqlovchi siyosat ham joriy etildi.
Joriy yilning boshida Microsoft kompaniyasining o‘zi samarasiz deb topilgan 2 mingdan ortiq xodimni ishdan bo‘shatish nafaqasini to‘lamasdan ishdan bo‘shatdi. Menejerlar rahbarlar darajasigacha bo‘lgan xodimlarni baholash uchun bir necha oy vaqt sarfladilar.
Avvalroq Spot Microsoft yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylangani haqida yozgandi.