O‘zbekiston yangi hosil piyozini eksport qilishni boshladi va narxlar o‘tgan yilgiga nisbatan ikki baravar yuqori, deya xabar bermoqda EastFruit mutaxassislari.
Aprel oyi boshida O‘zbekistonda ertapishar piyoz hosilini yig‘ib olish boshlangani haqida xabar berilgandi. Ichki bozorda eksport uchun mavjud hajmlar va tarmoq sifatidagi mahsulotlarning paydo bo‘lishi taxminan 15−20 aprel kunlariga kutilayotgan edi. Yangi hosildan o‘zbek piyozining eksport mavsumi ham bashorat qilingan muddatda boshlandi.
Musaevs AgriFoods yirik eksport kompaniyasi rahbari Nodirbek Musayevning aytishicha, taxminan bir hafta oldin yangi hosildan piyozning dastlabki kichik partiyalari jo‘natila boshlangan va joriy eksport mavsumi ancha yuqori narxlar bilan boshlangan.
“Piyozning yangi hosilini yuklab jo‘natishning joriy narxlari FCA shartlari bo‘yicha bir kilogramm uchun 40−45 AQSh senti darajasida bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan taxminan ikki baravar yuqori. Shunga qaramay, o‘tgan hafta oxiri va joriy hafta boshida Rossiya va Belarusning yirik chakana savdo tarmoqlari yangi hosildan o‘zbek piyozini yetkazib berish bo‘yicha tender e’lon qildi. Ehtimol, bir hafta, o‘n kun ichida ushbu mahsulotning ommaviy eksporti boshlanishini kutish mumkin”, — deya izoh berdi eksportchi.
O‘zbekistonda yangi hosildagi piyoz narxining yuqori bo‘lishining asosiy sababi o‘tgan yilning avgust-sentabr oylarida kuzgi piyoz ekin maydonlarining sezilarli darajada qisqarganligi bo‘lib, hosil yig‘imi joriy yilning mart oyi ikkinchi yarmida boshlangan.
Bosh piyoz mamlakat eksportining sabzavot segmentida fizik hajm bo‘yicha eng yirik pozitsiyani egallaydi, shuningdek, O‘zbekiston ushbu mahsulotning Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik eksportchisi hisoblanadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2025-yilning birinchi choragida O‘zbekiston qiymati $14,4 mlnga teng bo‘lgan 64,6 ming tonna piyoz eksport qilgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda yangi piyoz hosili sotuvga chiqishi bilan o‘tgan yilgi piyoz narxi oshayotgani haqida yozgandi.