AQShning Xitoy bilan savdo urushining yana bir qurboni Tesla Optimus avtonom roboti bo‘ldi, deya xabar bermoqda Bloomberg nashri.
Tesla rahbari Ilon Mask moliyaviy natijalar hisoboti chog‘ida Xitoyning savdo cheklovlari tufayli uning kompaniyasi zarar ko‘rganini aytdi. Kompaniya Optimus robotlarini ishlab chiqarish uchun juda muhim bo‘lgan ba’zi noyob yer materiallarini import qila olmaydi.
Ilon Mask investorlarga Xitoy rahbariyati bilan masalani hal qilishga va’da berib, robotlar mudofaa ehtiyojlari uchun mo‘ljallanmaganini ta’kidladi. Biroq, muammo faqat nodir metallar bilan cheklanib qolmaydi.
Hozirda kompaniya qolgan elektron komponentlar, motorchalar va robot uchun yuritmalarni kim yetkazib berishi mumkinligi haqida hatto taxminiy tasavvurga ham ega emas. Mask yanvar oyida shu yilning oxirigacha bir necha ming Optimus ishlab chiqarishni va’da qilgan.
CNBC jurnalistlarining aytishicha, Xitoy cheklovlari shubhasiz AQShning yuqori bojxona to‘lovlariga javoban joriy etilgan. Shu bilan birga, Ilon Mask Optimus robotlarini ishlab chiqarishning ahamiyatini ta’kidlamoqda.
“Kompaniyamizning kelajagi, avvalo, keng miqyosli avtonom avtomobillar va ko‘p sonli, katta hajmli avtonom odamsimon robotlarga asoslanadi”, — deya bayonot berdi Mask.
Muammolarga qaramay, tadbirkor hamon yil oxirigacha Tesla “minglab robot” ishlab chiqarishiga ishonch bildirmoqda.
O‘tgan yilgi robotlarni odamlar boshqargan taqdimotdan beri kompaniya robotni tirik ko‘rsatmagan. Ehtimol, savdo urushi ishlab chiqarishni noma’lum muddatga ko‘chirish uchun qulay bahona bo‘ldi va Tesla Optimus hali tayyor emas.
Avvalroq Spot Xitoy mahsulotlariga qo‘yilgan bojlar Teslaning ishlab chiqarish rejalarini barbod qilayotgani haqida yozgandi.
Kompaniya o‘zining ikkita asosiy loyihasi — Cybercab elektr taksisi va Semi yuk mashinasi uchun Xitoydan butlovchi qismlar yetkazib berishni noma’lum muddatga to‘xtatdi.