O‘zatom agentligi Rossiya va Xitoy bilan atom elektr stansiyasi loyihasi uchun texnik jihozlarni yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik qilishi mumkin. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
22-aprel kuni Xitoy milliy yadro korporatsiyasi (CNNC) ning xorijiy loyihalar uchun mas’ul bo‘limi CNOS ofisida O‘zatom agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiyaning Rosatom korporatsiyasi hamda Shanghai Electric kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar Shanghai Electric’ning turbina jihozlari ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish, texnologik jihozlarning xususiyatlari hamda texnik jihatlari, ularni O‘zbekistondagi AES loyihasi talablariga moslashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqdilar.
Xususan, AESning yadroviy bo‘lmagan oroli uchun jihozlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, agentlik direktori Xitoy Eksimbankining Yevroosiyo mintaqaviy bo‘limi rahbari Ye Linjun hamda O‘zbekiston bilan hamkorlik yo‘nalishi uchun mas’ul Go Mo bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar AES qurilishini qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy resurslarni jalb qilish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
24-aprel kuni MVM EGI kompaniyasining ishlab chiqarish maydoniga tashrif doirasida energiya jihozlari ishlab chiqaruvchisi Harbin Electric Corporation bilan uchrashuv o‘tkazildi. Delegatsiya quruq sovutish tizimlarini qurish jarayoni va yuqori haroratda ishlatish xususiyatlari bilan tanishdi.
Kompaniya O‘zbekistonning iqlim sharoitlariga moslashtirilgan, issiqlik almashinuvchi qurilmalar yuzasini namlash tizimi bilan jihozlash orqali issiq mavsumda sovutish samaradorligini saqlab qolish imkonini beruvchi tizimni taklif qildi.
Tomonlar energiya jihozlarini yetkazib berish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
O‘zbekistonda kichik AES qurilishi
Joriy yilning 27-may kuni O‘zatom va Rosatom kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati Spot’ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.
O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.
Joriy yilning fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik AESni qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qildi. Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.
Aprel oyi o‘rtalarida kichik AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. Jizzaxda qurilayotgan qurilish-montaj bazasi ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi.