Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yangi avtotransport vositalarini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish imkoni yaratildi. Bu haqda portal matbuot xizmati xabar berdi.
Xizmat sinov tarzida ishga tushirilgan bo‘lib, hozirda Toshkent shahridagi Fayzobod ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi orqali onlayn ariza yo‘llash mumkin.
Sinov muvaffaqiyatli yakunlansa, tizimni avval Toshkent shahri bo‘ylab, undan keyin esa barcha hududlarda joriy etish rejalashtirilgan.
Talabgor arizani shakllantirishda xizmatni qanday ko‘rinishda — ro‘yxatdan o‘tkazish-imtihon bo‘limiga borgan holda yoki sayyor xizmat orqali olishni o‘zi belgilaydi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan to‘lovlar quyidagicha:
- elektromobil, motolar hamda tirkamalar uchun — BHMning 1,5 barobari (562,5 ming so‘m);
- qolgan barcha boshqa transport vositalari uchun — BHMning 6,84 barobari (2,565 mln so‘m).
Shu bilan birga, davlat raqami uchun to‘lov BHMning 3,5 barobari (1,31 mln so‘m), qayd etish guvohnomasi (texpasport) uchun — BHMning 0,7 barobari (262,5 ming so‘m) hamda texnik ko‘rik uchun BHMning 0,1 barobari (37,5 ming so‘m) ni tashkil etadi.
Sayyor xizmat qo‘shimcha to‘lov asosida amalga oshiriladi hamda bunda YHXX xodimining o‘zi belgilangan manzilga boradi. Qo‘shimcha to‘lov esa xizmatni ko‘rsatish muddatiga bog‘liq:
- 1 kunda kelsa — BHMning 4 barobari (1,5 mln so‘m);
- 3 kunda — BHMning 3 barobari (1,125 mln so‘m);
- 5 kunda — BHMning 2 barobari (750 ming so‘m).
Bundan tashqari, sayyor xizmat uchun qo‘shimcha to‘lovning asosiy stavkasi ro‘yxatdan o‘tkazish-imtihon bo‘limi joylashgan joydan 10 km masofada amal qiladi. Undan ortiq masofa uchun har kilometrga BHMning 5%i (18 750 so‘m) miqdorida qo‘shimcha to‘lov undiriladi.
Ariza onlayn yuborilganda, talabgorga davlat raqam belgisi va to‘lov uchun invoys taqdim etiladi.
To‘lov amalga oshirilgach, ro‘yxatdan o‘tkazish-imtihon bo‘limiga boriladi hamda arizadagi davlat raqam belgisi aytiladi. YHXX inspektori transport vositasini ko‘rikdan o‘tkazadi va davlat raqami hamda texpasportni taqdim etadi.
Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.
Avvalroq avtomobil ishlab chiqaruvchilari uchun VIN kodini olish bo‘yicha onlayn xizmat ishga tushgani haqida xabar berilgandi.