So‘nggi yillarda migratsiya geografiyasi kengayib, O‘zbekistondan mehnat migrantlarini qabul qiluvchi mamlakatlar soni ortib bormoqda.
Ayniqsa, oxirgi ikki yilda fuqarolarning Buyuk Britaniyadagi mavsumiy ishlarga talabi keskin oshdi. Shu bilan birga, mamlakat tomonidan ham mehnat muhojirlariga bo‘lgan mavsumiy talab saqlanib qolmoqda.
Migratsiya agentligi hamda Britaniya ish beruvchi kompaniyalari tomonidan tashkil etilib kelinayotgan tanlovlarga ham qiziqish bildiruvchilar ortib bormoqda: 2023-yilda ana shunday tanlovlarga 1 mlnga yaqin fuqaro murojaat qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilda 3 mln nafarga yetgan.
Shu bilan birga, 2024-yil davomida Buyuk Britaniyadan pul o‘tkazmalari hajmi ham oldingi yilga nisbatan keskin (83%) oshib, $135 mlnni tashkil etdi. Joriy yil boshida agentlik rekruting kompaniyalari bilan o‘zbekistonliklarni mavsumiy ishlarga jalb qilish uchun shartnoma tuzib, kvotalar sonini oshirishga kelishib oldi.
2023-yilda Migratsiya agentligi orqali Buyuk Britaniyadagi mavsumiy ishlarda ishlab qaytgan Dostonjon Oqmirzayev o‘z tajribasi bilan bo‘lishib, hujjat topshirish va ishlash jarayonlari, shuningdek, qanday muammolar kuzatilishi haqida Spot’ga so‘zlab berdi.
Intervyuning to‘liq versiyasi video shaklda taqdim etilgan:
Imtihon va hujjatlarni tayyorlash
2023-yilning bahorida — Jizzax politexnika universitetida tahsil olayotgan vaqtimda Migratsiyasi agentligining Buyuk Britaniyadagi mavsumiy ishlar bo‘yicha e’loniga ko‘zim tushib, qiziqib qoldim. Moliyaviy holatimni yaxshilash maqsadida xorijda ishlash fikri paydo bo‘ldi va internetdan ma’lumotlar izlay boshladim.
O‘sha vaqtda agentlik xabarida keltirilgan havola orqali hujjat topshirib, suhbat sanasini kuta boshladim. Suhbat Toshkentdagi kollejlarning biridagi katta stadionda bo‘lishi kerak edi. Biroq, talabgorlar soni ko‘pligi sababli imtihon boshqa sanaga ko‘chirildi.
Natijada imtihon sentabr oyida onlayn tarzda o‘tkazildi. Bunda imtihon asosan, rus tilida olib borildi, lekin menga ingliz tili qulay bo‘lgani uchun suhbatni shu tilda davom ettirganman. Savollar, asosan, ishga ketish sabablari, mavsumiy ishlarda ishlash tajribasi hamda til bilish darajasiga oid edi.
Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tdim, o‘qishdan esa akademik ta’til olishga qaror qildim. Chunki, o‘sha vaqtda moliyaviy holatimni yaxshilashga harakat qilganman.
Keyingi bosqichda Migratsiya agentligi tomonidan tayyorlov kurslari tashkil etildi. Unda texnika xavfsizligi va ish jarayonida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar tushuntirildi.
Viza olish jarayoni murakkab kechmadi — Buyuk Britaniyada mavsumiy ishlash uchun ajratiladigan TIER 5 turidagi ishchi vizani oldim. Bu viza 6 oy muddatga beriladi.
Viza rasmiylashtirilgach, borish-qaytish aviachiptalarini o‘zimiz xarid qilganmiz. Odatda suhbatdan keyin ish beruvchidan shartnoma taqdim etiladi va unda aviachipta va yashash xarajatlari qoplanishi yoki qoplanmasligi ko‘rsatiladi. Men ketgan Fruits and Vegetables kompaniyasi tomonidan bunday imtiyozlar taqdim etilmasdi.
13-fevral kuni men bilan bir firmaga ketayotgan 80 nafar yurtdoshlarimiz bilan birgalikda Britaniyaga aviachiptalarni xarid qildik. Barcha birga bo‘lganimiz uchun ish beruvchi hammamizni aeroportdan ish joyigacha maxsus transport bilan olib borgan.
Ish sharoiti, qiyinchiliklar va ish haqi
Buyuk Britaniyaga yetib borganimizdan so‘ng, barchamiz karavan uylarga joylashdik, ish jarayoni esa boshlandi — men asosan karam va ko‘katlar terish bilan shug‘ullandim.
Ob-havo doimiy ravishda bulutli bo‘lgan, firma tomonidan berilgan ish kiyimlari esa havoni yaxshi o‘tkazmasdi. Dastlab bunga ahamiyat bermadim, biroq vaqt o‘tishi bilan sog‘lig‘imga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini sezdim. Shu sababli firma rahbariyatiga murojaat qilib, ish joyimni o‘zgartirib berishlarini so‘radim. Shundan so‘ng, meni yopiq hududdagi qadoqlash ishlariga o‘tkazishdi.
Mavsumiy ishlarda ishlab oyiga o‘rtacha $2 500 atrofida sof daromad olish mumkin. Biroq, bunda yashash xarajatlarini hisobga olish kerak. Oziq-ovqat uchun oyiga taxminan $250, qolaversa, internet va boshqa xizmatlar uchun ham qo‘shimcha xarajatlar bo‘ladi.
O‘zbekistonga qaytgach, ko‘pchilikdan eng ko‘p eshitgan savolim — “Sug‘urta ishlaydimi?”. Bu savol menga bir voqeani eslatadi. Ish kunlarining birida karam terish jarayonida hamkasblarimizdan biri pichoq bilan qo‘lini kesib oldi. Lekin bu haqida hech kimga xabar bermadi — sabab esa oddiy: ishdan bo‘shatilishdan yoki oyligi kamayishidan qo‘rqqan. Oradan bir kun o‘tgach, og‘riq kuchayganidan so‘ng mas’ullarga murojaat qildi. Biroq rahbariyatdan “Balki uyda ovqat tayyorlayotib kesib olgandirsan — biz buni qayerdan bilamiz?”, degan javob oldi.
Shuning uchun ham ish jarayonida yuz bergan har qanday baxtsiz hodisa haqida darhol menejerga xabar berish zarur. Shundagina sug‘urta kompaniyasi tibbiy xarajatlarni qoplashdan bosh tortmaydi.
Muhim maslahatlar
Xorijda ishlashga qaror qilganlar uchun bir nechta muhim tavsiyalarim bor. Avvalo, ingliz tilini o‘rganish zarur — nafaqat umumiy tushunish, balki elektron pochta orqali muloqot qilish darajasida. Mavsumiy ishda turli fors-major holatlar bo‘lishi mumkin, ayniqsa sog‘liq bilan bog‘liq muammolarda rahbariyat bilan to‘g‘ri va aniq muloqot qila olish kerak.
Shaxsan men ham sog‘lig‘im sabab ish joyimni o‘zgartirishga majbur bo‘lganman. Bu jarayonda ingliz tilini bilganim va elektron pochta bilan ishlash ko‘nikmam katta yordam bergan.