Malayziyaning AirAsia X aviakompaniyasi joriy yilning kuzidan O‘zbekistonga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mitada aviakompaniya raisi Datuk Kamaruddin Meranun va kompaniya direktori Benyamin Ismoil boshchiligidagi Malayziya delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni ko‘rib chiqdilar.

Xususan, Kuala-Lumpur-Toshkent-Kuala-Lumpur yo‘nalishi bo‘yicha doimiy aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati muhokama qilindi.

Aviakompaniya parvozlarni joriy yilning oktabr oyidan boshlashni rejalashtirmoqda. Aviareyslar haftasiga uch marta amalga oshirilishi mo‘ljallangan.

airasia x, aviaqatnov, malayziya, parvozlar

Shuningdek, tomonlar hamkorlikni kengaytirish va uchinchi mamlakatlarga bog‘lovchi aviaqatnovlarni tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Malayziyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish, Umra+ dasturi doirasida ziyorat turizmini rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Joriy yilning fevral oyi boshida Air Asia X Berhad kompaniyasiga Kuala-Lumpur-Toshkent-Kuala-Lumpur yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlarini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berilgandi.

Avvalroq Ural Airlines uchta yangi yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.

Air Asia X Berhad” — 2006-yilda tashkil etilgan Malayziyaning AirAsia loukoster tashuvchisi tarkibiga kiradi. COVID-19 pandemiyasidan so‘ng Afrika va Markaziy Osiyo bozorlariga e’tibor qaratib, Olmaota va Nayrobiga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.