Apple AQShda sotiladigan barcha iPhone’larni yig‘ishni kelasi yili Hindistonga ko‘chirishni rejalashtirmoqda.
Chunki Donald Trampning savdo urushi kompaniyani Xitoydan uzoqlashishga majbur qilmoqda, deya xabar berdi Financial Times.
Nashrning qayd etishicha, iPhone’ni yig‘ish ishlab chiqarish jarayonining so‘nggi bosqichi bo‘lib, unda yuzlab komponentlar birlashtiriladi.
Bu deyarli yigirma yil o‘tgach, kompaniya Xitoyda ishlab chiqarish liniyasini yaratish uchun katta mablag‘ sarflaganidan so‘ng, Hindistonda iPhone ishlab chiqarishni ikki baravar oshirishni anglatadi.
So‘nggi yillarda Apple Hindistonda Tata Electronics va Foxconn shartnoma ishlab chiqaruvchilari bilan ishlab chiqarish quvvatlarini barqaror ravishda oshirib bormoqda, garchi u hali ham smartfonlarining ko‘p qismini Xitoyda yig‘ayotgan bo‘lsa ham, deb yozadi Financial Times.
Qayd etilishicha, iPhone’larning aksariyati ishlab chiqariladigan Xitoy AQSH prezidentining eng “shiddatli” bojlariga duchor bo‘ldi.
Nashrning eslatishicha, Tramp Apple’ning bozor qiymatini $700 mlrdga qisqartirgan bojlarni e’lon qilgach, kompaniya o‘sha paytda Xitoyga nisbatan joriy etilgan bojlardan qochish maqsadida Hindistonda ishlab chiqarilgan mavjud iPhone’larni AQShga eksport qilishga shoshildi.
“Bu Apple uchun o‘z o‘sishi va rivojlanish sur’atini saqlab qolishda muhim qadam bo‘ladi, deb ishonch bildiramiz,” — dedi Futurum Group tadqiqot kompaniyasining ijrochi direktori Daniel Nyuman FT nashriga.
Keyinchalik Bloomberg ma’lum qilishicha, Apple 2026-yil oxirigacha AQShda sotiladigan iPhone’larning katta qismini Hindistondan import qilishni maqsad qilgan, bu esa Xitoydan tashqariga chiqishni tezlashtiradi va bojlar hamda geosiyosiy keskinlik bilan bog‘liq xatarlarni kamaytiradi.
Apple Hindistonda iPhone’ning yillik ishlab chiqarilishini taxminan ikki baravar ko‘paytirib, 80 mlndan ortiq donaga yetkazadi, deya ta’kidladi agentlikning xabardor manbalari. AQShda kompaniya yiliga 60 mlndan ortiq iPhone sotadi.
Avvalroq Spot Apple Trampning yangi bojlari tufayli iPhone, iPad, MacBook narxlarini oshirishi mumkinligi haqida yozgandi.
Birgina Xitoy bojlari Apple’ga 2025-yilda $8,5 mlrdga tushishi va kompaniya foydasini deyarli $8 mlrdga qisqartirishi mumkin.