Joriy yilning 1-mayidan jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekistonga bojxona to‘lovlarisiz olib kiriladigan tovarlar uchun normalar pasaytiriladi.

Natijada bojsiz olib kirish normalari quyidagicha bo‘ladi:

  • havo transportida — $1000 (amalda $2000 edi);
  • temir yo‘l va daryo transportida — $500 ga ($1000);
  • xalqaro kuryerlik jo‘natmalarida — oyiga $200 gacha (har chorak uchun $1000).

Shu bilan birga, avtomobil va piyoda o‘tish punktlari ($300), xalqaro pochta jo‘natmalari orqali olib kelinadigan tovarlar uchun ($100) normalar o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.

Fuqarolar tovarlarni bojsiz olib kirishlari uchun xorijda belgilangan muddatlargacha bo‘lishlari kerak. Bu havo transportida 3 kungachani, qolgan holatlarda esa 2 kungachani tashkil etadi. Tovarlar uchun ularning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

23-aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Husan Tangriyev bojxona tartibidagi ushbu o‘zgarishlar bo‘yicha tushuntirish berdi.

Uning qayd etishicha, havo yo‘llari orqali tijorat tovarlarini shaxsiy ehtiyoj niqobi ostida olib kirayotgan yo‘lovchilar soni Toshkent xalqaro aeroportida 500 nafarni tashkil etsa, bu ko‘rsatkich mamlakat bo‘ylab 10 ming nafardan oshadi.

“Ayrim fuqarolar 90 kun davomida 90 marta, ya’ni har kuni chet elga uchish bilan shug‘ullanib, tovarlarni bojlarsiz olib kirishni kasbga aylantirishgan, albatta bu holatni tabiiy deb bo‘lmaydi va belgilangan imkoniyatlarni suiste’mol qilishdan boshqasi emas”, — deydi u.

bojxona normasi, bojxona qo‘mitasi, qonunchilik, bojxona

Masalan, 3 ming nafar yo‘lovchi 1 oyda kamida 10 marotaba xorijga borib kelsa, har safar qiymati $2 minglik 30 kgga yaqin tijorat tovarlarini shaxsiy ehtiyoj niqobi ostida olib kiradi. Bu bir yilda $720 mlnlik 11 ming tonna tovarni tashkil etadi.

Bunday mahsulotlarga asosan kiyim-kechak, dori vositalari, parfyumeriya mahsulotlari, zargarlik buyumlari, maishiy texnika va tamaki mahsulotlari kiradi.

“Bu holatlar ushbu tovarlarning ichki bozorga hech qanday to‘siq va bojxona to‘lovlarisiz kirib kelishini bildiradi. Bu yerda shaxsiy ehtiyoj to‘g‘risida gapirishga umuman o‘rin yo‘q”, — deydi Tangriyev .

Shuningdek, u ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikr-mulohazalar hamda jo‘natilgan savollarga javob berdi.


Yangi tartib kimlarga ta’sir qiladi?

Avtomobil yoki piyoda o‘tish chegara bojxona postlari orqali jismoniy shaxslar tomonidan bojsiz olib kirish normasi o‘zgartirishsiz qoldirildi.

Buning o‘rniga notijorat maqsadlarida harakatlanish muddatlari belgilandi hamda bu faqat boshqalarning yuklarini haq evaziga olib o‘tayotgan tashmachilarga ta’sir etadi.

Hukumatning 2018-yilning 22-iyunidagi (VMQ-463) qarori bilan belgilangan bojxona to‘lovlari undirilmaydigan 21 turdagi tovarlarni olib o‘tishning miqdoriy normalari o‘z kuchida qolmoqda. Tartibga ko‘ra, avtomobil, temir yo‘l yoki piyoda kirib kelayotgan shaxs olti oyda bir marta konditsionerni bojsiz olib kirishi mumkin.

Bundan tashqari, fuqarolar harakati eng ko‘p bo‘lgan Qozog‘iston bilan chegaradagi Navoiy bojxona posti orqali joriy yilning mart oyida olib kelingan tovarlar o‘rganildi.

Ushbu post orqali 408 ming nafar yo‘lovchi kirib kelgan bo‘lib, ularning 1488 nafari — 0,4%idan normadan ortiq qiymat uchun boj undirilgan. Shundan bor-yo‘g‘i 20 nafari esa, maishiy texnika qiymati yuqori bo‘lganligi uchun boj to‘laga . Noqonuniy holatlar aniqlanmagan.

Xorijda bo‘lish muddati qanday aniqlanadi?

Bugungi kunda fuqarolarning asosiy qismi — 76%i chegaradan avtomobilda, 20%i havo hamda 4%i temir yo‘l orqali harakatlanadi. Mazkur tartib chegaradan avtomobilda o‘tayotgan “tashmachi"lardan tashqari boshqa yo‘lovchilarga sezilarli ta’siri bo‘lmaydi.

Bojxona organlari 50 ga yaqin aviakompaniyalar bilan o‘zaro axborot almashinuvini yo‘lga qo‘ygan. Xalqaro aeroportlarda yo‘lovchilar, ularning bagajlari va xorijda bo‘lgan muddatlari to‘g‘risida ma’lumotlar ular mamlakatga yetib kelmasidan oldin mavjud bo‘ladi. Bu xalqaro aeroportlar orqali harakatlanuvchilarni tig‘iz vaqtlarda ham tezkor bojxona nazoratidan o‘tkazishni ta’minlaydi.

Qarorning ushbu qismi, ya’ni xorijiy davlatlarda 2−3 kun bo‘lish talabi 2025-yilning 20-iyulidan kuchga kirishi sababli, hozirda bu jarayonga “puxta tayyorgarlik” ko‘rilmoqda.

Tovarlar qiymati-chi?

Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarning bojxona qiymati cheklar, kvitansiyalar yoki boshqa tijorat hujjatlari asosida aniqlanadi.

Agar fuqaro tasdiqlovchi hujjat va ma’lumotlarni taqdim etmasa, mazkur tovarlarning qiymati axborot dasturlari orqali ilgari olib kirilgan shu turdagi tovarlar ma’lumotlari asosida aniqlanadi.

Boj qanday hisoblanadi?

Tovarlarning bojsiz olib kirish normasidan ortiq bo‘lgan qismiga soddalashtirilgan tartibda import boji, qo‘shilgan qiymat va aksiz soliqlari o‘rniga bojxona qiymatidan 30%, lekin har bir kg uchun $3 dan kam bo‘lmagan miqdorda yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

Agar yo‘lovchi normadan ortiq olib kelingan tovar uchun to‘lovni amalga oshira olmasa, ularni chegara postlarida vaqtincha saqlovga olish joylarida qoldirishiga to‘g‘ri keladi. Ular 30 kun ichida to‘lov qilib, tovarni olib kirishlari yoki qaytarib olib chiqib ketishlari mumkin.

Bundan tashqari, fuqaro havo yo‘llari orqali $1500 qiymatidagi tovarni olib kelmoqchi bo‘lsa, uning faqat $1000 lik normadan oshgan qismiga — $500 uchun boj undiriladi.

Marketpleys buyurtmalari ham hisobga olinadimi?

Belgilangan $200 miqdoridagi bojsiz olib kirish normasi barcha xalqaro kuryerlik jo‘natmalari uchun, shu jumladan, internet do‘konlar orqali xarid qilingan tovarlarga nisbatan ham qo‘llaniladi. Shu bilan birga, ushbu limit shaxsiy ehtiyoj uchun tovar olib kiruvchilarga ham, tijorat maqsadida faoliyat yurituvchilarga ham taalluqlidir.

Husan Tangriyev xalqaro ushbu norma kamaytirilishi raqamli iqtisodiyotga to‘siq bo‘lmaydimi, degan mazmundagi savolga, “Yo‘q, to‘siq bo‘lmaydi. Bu aslida cheklov emas, balki bu jarayonni rasmiylashtirish, ichki bozorda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan”, — deya javob berdi u.

Fuqarolar nomiga noma’lum jo‘natma bo‘lsa-chi?

O‘zga shaxsning nomiga uning roziligisiz tovarlar olib kelish shu turdagi huquqbuzarliklar turiga kirib, bu kabi holatlar aniqlangan taqdirda bojxona organlari tomonidan ushbu kuryerlik tashkilotlariga nisbatan tegishli chora ko‘riladi.

Mazkur ma’lumotlardan fuqarolar bojxona organlari tomonidan yaratilgan E-tijorat mobil ilovasi orqali JShShIRni kiritgan holda xabardor bo‘lishi va bojxona organlariga murojaat etishi mumkin.

Tovar olib kirishning yangi talablari bilan bog‘liq savollar yuzasidan Bojxona qo‘mitasining uzluksiz ishlovchi 1108 qisqa raqamli Call-markaziga murojaat qilish mumkin.

Avvalroq Spot iqtisodchilar hamda biznes vakillarining yangi talablar bo‘yicha bildirgan fikrlarini o‘rganib chiqib, ularni bir joyga jamlagandi. Jamoatchilik bu o‘zgarishlar aholi xarid imkoniyatini cheklashi, narxlarning oshishiga olib kelishi va ortiqcha moliyaviy bosimni yuzaga keltirishini ta’kidlamoqdalar.