Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning soliq-budjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Bu haqda missiyaning 2025-yilgi maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha yakuniy bayonotida keltirilgan.
Jamg‘arma 2024-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining pasayishini va o‘rta muddatli istiqbolda budjet taqchilligi maqsadli ko‘rsatkichini 3% darajasida saqlab qolish niyatini olqishladi.
2025-yilda $5,5 mlrd miqdoridagi tashqi qarzlar limitiga rioya qilish va kelgusida davlat qarzining YIMga nisbatan foizlarda oshmasligini kafolatlovchi qarz olishning cheklangan darajalarini belgilash budjetga bo‘lgan ishonchni oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, davlat korxonalari va DXSh bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirishga va inflyatsiyaga talab bosimini yumshatishga yordam beradi.
“Oltin narxining beqarorligi yuqori narxlarda xarajatlarga inflyatsion bosim o‘tkazish xavfini va past narxlarda xarajatlarning pasayishi xavfini keltirib chiqaradi, bu esa makroiqtisodiy tebranishlarni kuchaytiradi. Shuning uchun rasmiy idoralar oltin narxi o‘zgarishining davlat xarajatlariga ta’sirini minimallashtirishga harakat qilishlari kerak”, — deyiladi bayonotda.
2020-yildan boshlab soliq tushumlarining YIMdagi ulushi 2 foiz punktga kamayganini qoplash uchun o‘rta muddatli daromadlar strategiyasini ishlab chiqish zarur. Soliq siyosatini o‘zgartirish variantlariga quyidagilar kiradi:
- korxonalardan olinadigan foyda hamda jismoniy shaxslar daromadiga solinadigan daromad soliqlarini isloh qilish;
- daromadlarga asoslangan soliq imtiyozlarini kamaytirish;
- samarasiz bojxona imtiyozlarini bekor qilish va yangilarini joriy etishdan voz kechish.
XVJ ta’kidlashicha, bu choralar daromadlarni boshqarish bo‘yicha qo‘shimcha tadbirlar bilan to‘ldirilishi lozim. Bular qatoriga soliq tekshiruvlari dasturini qayta ko‘rib chiqish, yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlaydigan ofislar faoliyatini yaxshilash, soliq to‘lovchilarning huquqlarini ta’minlash kiradi. Bundan tashqari, soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashga qaratilgan ikki strategiyani tasdiqlash va amalga oshirish zarur.
“Ish haqini ratsionallashtirish, yaqinda amalga oshirilgan xaridlar tizimi islohotlari asosida tovarlar va xizmatlarni xarid qilish xarajatlarini kamaytirish, davlat korxonalarini isloh qilishni jadallashtirish, ijtimoiy yordam dasturlari tuzilmasini yanada mustahkamlash va takomillashtirish hamda pensiya tizimini isloh qilish xarajatlar samaradorligini oshirish imkonini beradi”, — deyiladi valyuta jamg‘armasi xabarida.
Missiya fiskal intizom va budjet shaffofligini mustahkamlash uchun fiskal institutlar islohotini davom ettirishga chaqiradi. Budjet taqvimiga rioya qilish, budjet strategiyasi va fiskal xatarlar to‘g‘risidagi hisobotlarni ishlab chiqish va 2030-yilgacha davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish strategiyasini qabul qilish Hukumatning xizmatidir.
Shu bilan birga, moliyalashtirish manbaidan qat’i nazar, davlat investitsiyalari jarayonini birxillashtirish, budjet limitlarini belgilashda tashkilotlar mas’ul bo‘lgan barcha kapital xarajatlarni hisobga olgan holda kapital va joriy budjetlarni tayyorlashning yanada aniq muvofiqligi va integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha ishlarni davom ettirish va ushbu limitlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni budjet hujjatlari bilan birga e’lon qilish zarur.
DXSh bilan bog‘liq xatarlarni monitoring qilish va boshqarish tizimini ishlab chiqishda sezilarli yutuqlarga qaramay, hukumatga asosiy taxminlarning sezgirligini tahlil qilish, DXSh bilan bog‘liq potensial xarajatlarni budjetga kiritish, DXSh loyihalarini davlat investitsiyalarini boshqarishning kengroq tizimiga integratsiya qilish va “mablag‘larni o‘zlashtirishning cheklangan salohiyati"ga muvofiq DXSh uchun yillik limitni (2025-yilda — $6,5 mlrd) qisqartirish tavsiya etiladi.
Bundan tashqari, davlat moliyasi statistikasi bo‘yicha hisobotni yaxshilash va qarzni boshqarish strategiyasini, shuningdek, yillik qarz olish rejasini e’lon qilish budjet shaffofligini oshiradi va investorlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga yordam beradi, deya ta’kidladi XVJ.
Avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston amaldorlar daromadlarini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilishni tezlashtirishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.