O‘zbekistonda Fix Dessert Chocolatier savdo brendi ostidagi shokolad mahsuloti ustidan nazorat tadbiri amalga oshirildi. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Inspeksiya tomonidan Eco bozor’ning Beruniy filiali savdo nuqtalarida sotilayotgan ushbu shokolad bo‘yicha nazorat xaridi amalga oshirilib, tanlab olingan mahsulotlar sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash maqsadida UzTest sinov laboratoriyasiga topshirildi.

Natijada ushbu mahsulotda nomuvofiqliklar, jumladan, shokoladda mezofil aerob va fakultativ anaerob bakteriyalar (MAFAM) hamda achitqi zamburug‘larning yuqori darajada mavjudligi aniqlandi.

Shu bilan birga, me’yoriy hujjatlarda qat’iy taqiqlangan Koli guruhidagi bakteriyalar (BGKP) va Salmonella 25 g bakteriyasining mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Inspeksiya bunday ko‘rsatkichlar inson salomatligi uchun xavfli ekanligini, ayniqsa, allergik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkinligini qayd etdi.

Bundan tashqari, mahsulotning tashqi ko‘rinishi ham texnik reglament talablariga javob bermasligi aniqlandi. Xususan, “Oziq-ovqat mahsulotini tamg‘alash yuzasidan xavfsizligi to‘g‘risida"gi (UzTR.490−022:2017-son) umumiy texnik reglamentning tegishli bandlari talablari buzilgan.

Avvalroq UzTest Piskent avtopoligonida avtomobillar sinovdan o‘tkazilishi haqidagi video xabarlarga munosabat bildirgani haqida xabar berilgandi.