2025-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $17,03 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirilgan.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 8,6% ga oshgan. Bunga eksportning sezilarli o‘sishi ($8,1 mlrd, +24,4%), shuningdek, importning qisqarishi ($9,19 mlrd, -2,3%) ta’sir qildi. Natijada tashqi savdo balansi taqchilligi $1,08 mlrdgacha qisqardi (o‘tgan yili — $2,89 mlrd).

O‘tgan oyda O‘zbekiston oltin sotishni davom ettirib, uni $1,84 mlrdga eksport qildi. Birinchi chorak yakunlari bilan qimmatbaho metal yetkazib berish $3,57 mlrdni (+34%) tashkil etdi.

Xitoy O‘zbekiston bilan savdo bo‘yicha birinchi o‘rinni ($3,02 mlrd), Rossiya esa $2,58 mlrd bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Birinchi chorakda Xitoy bilan savdo 0,1% ga, Rossiya bilan esa 8,14% ga kamaydi.

Shuningdek, tashqi savdo hamkorlari beshligiga Qozog‘iston ($1,02 mlrd), Turkiya ($607,6 mln) va Janubiy Koreya ($413,6 mln) kirdi — ulardan faqat Qozog‘iston bilan tovar ayirboshlash hajmi oshdi. Asosiy hamkorlar o‘ntalida esa Afg‘oniston ($402,8 mln), Fransiya ($349,8 mln), Germaniya ($336,8 mln), Hindiston ($282,2 mln) va BAA ($243,1 mln) bor.

Eksport

Oltinni hisobga olmaganda, sanoat mahsulotlari eksportning asosiy tovari bo‘lib qolmoqda. Birinchi chorakda ularni yetkazib berishdan tushgan daromad $899,6 mlnni (-12,1%) tashkil etdi.

To‘qimachilik va mato eksportidan tushgan daromad $404,9 mln (-24,7%) bo‘ldi. Rangli metallar yetkazib berish biroz qisqardi — $342,6 mlngacha, po‘lat va cho‘yan eksporti esa ikki baravardan ko‘proq — $22,7 mlngacha tushib ketdi. Shu bilan birga, noruda qazilmalar ($46,1 mln) va metall buyumlar ($45,7 mln) eksporti ikki baravar oshdi.

Ikkinchi o‘rinda $469,7 mln (+33,6%) bilan oziq-ovqat mahsulotlari turibdi. Bunda sabzavot va mevalar ($298,6 mln, +33,3%), shuningdek, don mahsulotlari ($126,3 mln, +29%) ustunlik qiladi.

Kimyoviy mahsulotlar eksporti hajmi $418,6 mlnga (+11,2%) yetdi. Noorganik moddalar 4,9% — $236,8 mlngacha o‘sishni ko‘rsatdi, undan keyin o‘g‘itlar yetkazib berish $88 mlndan (+64,4%) oshdi.

Iste’mol va boshqa tovarlar eksporti $285,8 mlnni (+6,4%) tashkil etdi. Kiyim-kechak yetkazib berishdan tushgan daromad $220,8 mlnga (-3%) yetdi, “turli tayyor mahsulotlar” bo‘yicha esa ikki baravar o‘sish ($52,2 mln) kuzatildi.

Mashinasozlik mahsulotlarini yetkazib berish 7,9% ga oshib, $265,2 mlnni tashkil etdi. O‘z navbatida, avtomobillar va ehtiyot qismlar eksporti 21,2% — $76,6 mlnga kamayishga qaramay, yetakchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinda 12,8% ga ($54,8 mln) o‘sishni ko‘rsatgan elektrotexnika eksporti joylashdi. “Boshqa transport uskunalari” bo‘yicha 11 barobar o‘sish qayd etildi — $54,5 mlngacha.

Yoqilg‘i-energetika resurslarini yetkazib berish 20,2% ga oshib, $253,5 mlnni tashkil etdi. Neft mahsulotlari eksporti 15,7% ga kamayib, $109,5 mlnni tashkil etdi, tabiiy gaz yetkazib berish esa 2,5 barobarga ($94,3 mln) oshdi. Elektr energiyasi eksporti 12,6% ga oshib, $49,3 mlndan oshdi.

O‘z navbatida, xizmatlar eksporti hajmi $1,73 mlrdni yoki O‘zbekistonning umumiy savdo eksportining 21,4%ini tashkil etdi. 2024-yilning birinchi choragiga nisbatan xizmatlar segmenti 37,9% ga oshdi. Ular orasida turizm ($756,8 mln), transport ($701,4 mln) va IT ($146 mln) yetakchilik qilmoqda.

Import

Tovarlar importi tarkibida mashinasozlik mahsulotlari $3,22 mlrd (-8,8%) bilan yetakchilik qilmoqda. Maxsus mashinalar yetkazib berish $669,9 mln (+4,2%), avtomobillar — $671 mln (-30,7%), sanoat maxsus bo‘lmagan uskunalari — $556,5 mln (+10,6%), elektrotexnika — $451,7 mln (-2,9%), aloqa qurilmalari — $223,6 mln (-6,9%) ni tashkil etdi.

Birinchi chorakda avtomobillar importi deyarli besh baravarga — $115,1 mlngacha tushib ketdi. Shu bilan birga, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar va anjomlar importi 28,1% ga ($395,5 mln) oshdi.

Ikkinchi o‘rinni sanoat tovarlari egallaydi — $1,48 mlrd (-4%). Cho‘yan va po‘lat ($684,4 mln, -9,9%) hamda to‘qimachilik mahsulotlari ($125,9 mln, -4,3%) importi kamaydi, metall mahsulotlari ($214,3 mln, +0,8%) va rezina mahsulotlari ($129,1 mln, +24%) importi esa oshdi.

Kimyo sanoati mahsulotlari importi 4% ga oshib, $1,2 mlrdni tashkil etdi. Tibbiy tovarlar uchun xarajatlar 472,8 million dollarga (-4%), birlamchi plastmassalarga 209,9 million dollarga (+22,8%) yetdi.

Shuningdek, xorijiy oziq-ovqat mahsulotlari importi $953,8 mlnga (+15,3%) yetdi. Don mahsulotlari yetkazib berish uchun $234,6 mln (+2,1%), go‘sht va go‘sht mahsulotlari — $138,1 mln (+65,1%), sabzavot va mevalar — $135,3 mln, shakar va qandolat mahsulotlari uchun esa $126,9 mln (+15,7%) sarflangan.

Yoqilg‘i-energetika resurslarini yetkazib berish 38,9% ga kamayib, $590,9 mlnni tashkil etdi. Neft va neft mahsulotlari importi 16% ga ($443,1 mln), shu jumladan, benzin 10,1% ga ($119,9 mln) pasaydi. Turkmaniston va Rossiyadan gaz importi 8,5 barobarga kamayib, $38,5 mlnni tashkil etdi. Elektr energiyasini sotib olish xarajatlari $60,4 mlnga (+5,8%), ko‘mir — $48,8 mlnga (-7,1%) yetdi.

Shuningdek, savdo importidagi ulushi 10,5% dan yuqori bo‘lgan xizmatlar importi hajmi 32,9% ga o‘sib, $967,3 mlndan oshdi. Yetakchi xizmat turi esa $563,8 mln bilan turizm bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarda transport ($185,1 mln) va IT ($82,3 mln) joylashdi.

Avvalroq AQSh Janubi-Sharqiy Osiyodagi mamlakatlari uchun quyosh panellari importiga 3521% gacha boj joriy qilayotgani haqida xabar berilgandi.