2025-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston gaz importidan ko‘ra ko‘proq eksportni amalga oshirdi. Bu haqda Spot o‘rgangan Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotida keltirilgan.

Birinchi chorakda Turkmaniston va Rossiyadan “ko‘k yoqilg‘i” importi 8,5 baravardan ko‘proqqa — $38,5 mlngacha kamaydi. Yanvar oyida tabiiy gaz yetkazib berish $27,8 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, fevral oyida $8 mlngacha, mart oyida esa $2,7 mlngacha kamaydi.

Yil boshidan buyon Xitoyga gaz eksporti 2,5 barobarga oshib, $94,3 mlnga yetdi. Xususan, yanvar oyida Xitoyga $21,8 mlnlik, fevral oyida $20,2 mlnlik, mart oyida $52,3 mlnlik gaz yetkazib berilgan.

Biroq, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari Xitoy Bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlaridan sezilarli darajada farq qiladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston yanvar-mart oylarida $70,82 mlnlik gaz eksport qilgan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,43% ga kamdir.

Bundan tashqari, Xitoy bojxonasi ma’lumotlari O‘zbekistondan tabiiy gaz yetkazib berishning oylik hajmi fevral oyidagi $23,3 mlndan (oldingi oyga nisbatan +25,2%) mart oyida $21,39 mlngacha qisqarishda davom etganini ko‘rsatadi.

Xitoyga gaz eksporti bo‘yicha yetakchilikni Rossiya egallab turibdi. Mamlakat joriy yilning birinchi choragida $2,52 mlrdlik “ko‘k yoqilg‘i” yetkazib bergan. Turkmaniston esa $2,01 mlrd bilan ikkinchi o‘ringa tushdi. Keyingi o‘rinlarda Myanma ($411,2 mln), Qozog‘iston ($175,03 mln), shuningdek, AQSH va Italiya turibdi.

Avvalroq Milliy statistika qo‘mitasi O‘zbekistonda har oylik iste’mol narxlari indeksini qanday aniqlashi haqida xabar berilgandi.