22-aprel kuni qabul qilingan prezidentning tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yaxshilashga qaratilgan qarori bilan tibbiyot sohasidagi ta’lim muassasalari tizimida o‘zgartirishlar belgilanmoqda.
Hujjat bilan Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya instituti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etiladi.
2025/2026 o‘quv yilidan mazkur uchta oliygohda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini universitetda davom ettiradi. Bitiruvchi kurs talabalariga esa belgilangan tartibda universitet diplomi beriladi.
Toshkent tibbiyot akademiyasining markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriyasi negizida Tibbiyot ilmiy-innovatsion tadqiqot instituti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali Urganch davlat tibbiyot institutiga o‘zgartiriladi.
Tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi va Toshkent davlat stomatologiya instituti klinikasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti klinikalari etib qayta nomlanadi. Akademiyaning Termiz va Chirchiq filiallari ham Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz va Chirchiq filiallari sifatida qayta nomlanadi.
Shuningdek, tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamda Toshkent davlat stomatologiya institutining akademik litseylari Toshkent davlat tibbiyot universitetining 1-, 2- va 3-son akademik litseylari etib qayta nomlanadi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti soha uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Uning vazifasi ta’lim dasturlarini xalqaro tibbiy ta’lim standartlariga muvofiqlashtirib, kompetensiyalarga asoslangan tibbiy ta’lim dasturlarini joriy etishdir.
2025/2026 o‘quv yilidan magistraturada bosqichma-bosqich xorijiy tillarda o‘qitiladigan alohida guruhlar tashkil etadi. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va Toshkentdagi tibbiyot muassasalari universitet talabalari uchun klinik amaliyot bazalari hisoblanadi.
Oliygohga talabalarni qabul qilish 2025/2026 o‘quv yilidan boshlanadi. Universitet tuzilmasida homiylik xayriyalari hisobidan to‘ldiriladigan jamg‘arma tashkil etiladi.
Avvalroq Toshkent davlat pedagogika universiteti transformatsiya qilinib, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.