Toshkent-Xiva yo‘nalishida yangi poyezd harakati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari matbuot xizmati xabar berdi.
24-aprel kuni Toshkent shahridagi Markaziy temir yo‘l vokzalida Toshkent-Xiva-Toshkent yo‘nalishida harakatlanuvchi 10 ta vagon foydalanishga topshirildi.
Ushbu vagonlar 4 ta plastkart (har biri 54 ta o‘rinli), 4 ta kupe (36 ta o‘rin) hamda 2 ta SV (18 ta o‘rin) vagonlaridan iborat.
26-apreldan boshlab vagonlar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi. Ularda bir vaqtning o‘zida 396 nafar, yiliga 144 540 nafar yo‘lovchini tashish mumkin.
Kompaniya keyingi ikki yilda vagonlar sonini 70 taga yetkazish hamda eski turdagi yo‘lovchi vagonlaridan bosqichma-bosqich voz kechishni rejalashtirgan. Bu yiliga qo‘shimcha 1 ming nafardan ortiq yo‘lovchini tashish imkonini beradi.
Mart oyida Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi tomonidan yangi kupe va plaskart yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarilgani haqida xabar berilgandi. 61−950 va 61−951 modelidagi vagonlarining uzunligi 26 metrni tashkil etadi.
Har bir kupeda havo haroratini boshqarish pulti, haroratni nazorat qilish qurilmalari, elektr suv qaynatgich, telefonlarni quvvatlash moslamalari, hojatxona va videokuzatuv moslamalari bor. Bundan tashqari, 12 ta vagondan iborat yangi dizel poyezd qurilib, Toshkent-Buxoro yo‘nalishida yo‘lga qo‘yildi.
Undan keyin zavodi ishonchli boshqaruvga berilgani ma’lum bo‘ldi. Transport Engineering Center davlat ulushining 90%ini nazoratga oldi. Kuzatuv kengashi tarkibining bir qismi Transmashxolding kompaniyasiga aloqador.
Avvalroq Yevropa investitsiya banki bilan Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘l qurilishini moliyalashtirish imkoniyati ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berilgandi.