BAAda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar ikki mamlakat o‘rtasidagi vizasiz rejim bekor qilinishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Ahror Burxanov xabar berdi.

Bundan bir kun oldin, 24-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Dubayda o‘zbekistonliklar o‘rtasida pichoqbozlik holati sodir etilgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston diplomatlari ushbu holatga aniqlik kiritish uchun Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

BAA tomoni mazkur holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotganini, 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotgani ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlangan.

Tashqi ishlar vazirligi mazkur holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ish olib borayotganini ma’lum qildi. “O‘zbekiston fuqarolarini xorijda yurtdoshlarimiz sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqiramiz”, deyiladi xabarda.

2024-yil boshida BAA O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejimni joriy qildi. 16-fevraldan boshlab o‘zbekistonliklar amirliklarda 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin.

O‘sha yilning noyabr oyida Wizz Air aviakompaniyasining Toshkentdan Abu-Dabiga 5W7160 reysi bilan uchib borgan 31 nafar erkak tushuntirishlarsiz ushlab turildi. Ular boshqa yo‘lovchilardan ajratib olinib, pasportlari olib qo‘yilgan, tashrif maqsadi va davomiyligi haqida so‘roq qilindi.

Oradan bir kun o‘tib, aeroportdan chiqarilmagan va u yerda bir sutkadan ortiq qolib ketgan 13 nafarga yaqin fuqaro Toshkentga qaytib keldi. Keyinroq boshqa reys bilan borgan boshqa erkaklar ham ushlab turilgan ma’lum bo‘ldi. Biroq, ularning soni noma’lum. TIV ushbu vaziyatni mamlakat bilan ko‘rib chiqa boshladi.

Avvalroq Tashqi ishlar vazirligi Xitoy bilan vizasiz rejim joriy etilishi jarayoniga izoh bergani haqida xabar berilgandi.