Farg‘ona viloyatida ichimlik va oqova suv xizmatlari bo‘yicha narxlar oshiriladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
24-aprel kuni Xalq deputatlari viloyat kengashining hududlarda suv ta’minoti va oqova suv tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun tartibga solinadigan tariflarni qayta ko‘rib chiqish va tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Hujjatda Farg‘ona suvta’minot korxonasi tomonidan taklif etilgan tariflar ko‘rib chiqilib, tegishli xulosa berilgani qayd etilgan. Yangi narxlarni belgilash ishlab chiqarish va ish haqi xarajatlari o‘sishi bilan izohlanadi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1-mayidan boshlab viloyatda ichimlik suvi ta’minoti va oqava suv xizmatlari uchun yangi tariflar kuchga kiradi.
Bir metr kub ichimlik suvi narxi quyidagicha:
- aholi uchun — 3448 so‘m (amalda — 2128 so‘m);
- budjet va boshqa tashkilotlar uchun — 6944 so‘m (3350 so‘m).
Oqova suvi xizmatiga:
- aholi uchun — 728 so‘m (amalda — 504 so‘m);
- budjet va boshqa tashkilotlar uchun — 1736 so‘m (870 so‘m).
Bunda, ushbu narxlar QQSni hisobga olgan holda keltirilgan.
1-apreldan Samarqandda ichimlik va oqova suv narxlari oshirildi. Aholi uchun bir metr kub ichimlik suvi narxi 2800 so‘mni, yuridik tashkilotlar uchun esa 6700 so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq Spot Surxondaryoning to‘rtta tumanidagi ichimlik suvi ta’minoti Fransiya kompaniyasi boshqaruviga berilishi haqida yozgandi.