Yahoo Search agar federal sud monopoliya ishi bo‘yicha Chrome veb-brauzerini sotishga qaror qilsa, uni sotib olishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Yahoo‘ning baholashicha, brauzerning sotuv narxi o‘nlab milliard dollarni tashkil etishi mumkin.
Bloomberg ta’kidlashicha, Yahoo 2000-yillar boshida qidiruv bozorida yetakchilik qilgan, ammo keyinchalik Google’ga yutqazib, o‘z mavqeini yo‘qotgan.
Kompaniya 2021-yilda Apollo Global Management tomonidan Verizon Communications kompaniyasidan sotib olingunga qadar bir necha bor sotilgan.
Brayan Provost ta’kidlashicha, Yahoo kompaniyasi Apollo rahbarligi ostida o‘zining shaxsiy brauzerini ishlab chiqmoqda, ammo u hali yaratilish bosqichida turibdi.
Shuningdek, kompaniya brauzer sotib olish imkoniyatini o‘rganib chiqqan va bu haqda ommaviy ravishda so‘z yuritilishi bilanoq Chrome’ga qiziqish bildirgan.
Avvalroq agar Google Chrome’ni sotishga majbur bo‘lsa, ChatGPT ishlab chiquvchisi OpenAI sudyaga brauzerni sotib olishdan manfaatdor ekanligini ma’lum qildi.
AQSh, Google, monopoliya
Agar AQSh Adliya vazirligining bosh kompaniyadan ajralib chiqish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsa, Google Chrome brauzerini $20 mlrdga sotishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, bu qaror eng yirik texnologik kompaniyalardan biriga nisbatan tarixiy bosim chorasi bo‘lishi mumkin.
Avvalroq “Bloomberg” AQSH Adliya vazirligi sud orqali Google’ni Chrome brauzerini sotishga majburlamoqchi ekani haqida xabar bergan edi.
Bundan tashqari, agentlik qidiruv natijalarida sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan javoblar uchun boshqa kontentdan foydalanishni cheklash, shuningdek, Android operatsion tizimini boshqa Google xizmatlaridan, jumladan, Google Play ilovalar do‘konidan ajratishni taklif qildi.
Avgust oyida Vashingtondagi okrug sudi Google qidiruv tizimlari bozorida qurilma ishlab chiqaruvchilari va veb-brauzerlar bilan o‘zlarining mahsulotlarida o‘z qidiruv tizimidan foydalanish bo‘yicha kelishuvlar orqali monopoliyani o‘rnatish orqali monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzgan deb topdi.
Sud bunday “milliardlab” bitimlar boshqa internet qidiruv tizimlari uchun raqobatni qiyinlashtiradi, deb hisobladi.
Avgust oyi o‘rtalarida Adliya vazirligi texnologik gigantni bo‘lish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan edi.
Eng ko‘p muhokama qilingan variantlar orasida Android operatsion tizimi, AdWords va Chrome sotuvi bor edi.
Biroq Google’ning o‘zi taklif qilingan bo‘linish haqidagi ma’lumotlarni rad etdi. O‘sha paytda yangi monopoliyaga qarshi holat qayd etilmagan.
Ushbu qaror Meta, Amazon va Apple kabi boshqa yirik texnologiya kompaniyalari uchun ham namuna bo‘lishi mumkin.
Masalan, Yevropa Komissiyasining yaqinda yuz bergan ishi va qaroridan so‘ng Apple uchinchi kompaniyalarga kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish va o‘rnatilgan ilovalarni o‘chirishga ruxsat berishga majbur bo‘ldi.
Google’ning ta’kidlashicha, bunday natija bozorga zarar yetkazishi, narxlarning oshishi va innovatsiyalarni sekinlashtirishi mumkin. Kompaniya, shuningdek, Meta kabi raqobatchilarga ishora qiladi va reklama beruvchilarning ko‘plab muqobil variantlari borligini aytadi.
AQSh Adliya vazirligi YouTube bosh direktorini so‘roq qilishni va kompaniyaning reklama bo‘limining sobiq va amaldagi rahbarlarining ko‘rsatmalarini tinglashni rejalashtirmoqda.
Agar Adliya vazirligi muvaffaqiyatli bo‘lsa, Google nafaqat o‘z biznesining bo‘linishi, balki tovon talab qiladigan reklama beruvchilarning sud jarayonlari to‘lqiniga duch kelishi mumkin.
Bernstein tahlilchilari Google’ning umumiy moliyaviy yo‘qotishlari $100 mlrdgacha yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Bu so‘nggi ikki oy ichida Google’ga qarshi qo‘zg‘atilgan ikkinchi monopoliyaga qarshi ishdir. Avgust oyida sud kompaniyaning internet qidiruv bozoridagi monopoliyasini noqonuniy saqlab qolganligi haqida qaror chiqargan. Bu so‘nggi 20 yildagi eng yirik monopoliyaga qarshi qaror edi.