YouTube jamoasi 10 yil davomida birinchi marta pleyer dizaynini yangiladi. Bu haqda hi-tech.mail nashri xabar berdi.

Ushbu yangilanish videoxostingning 20 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, hozirda ayrim foydalanuvchilar uchun mavjud.

Eng sezilarli o‘zgarishlar pleyerni boshqarish tugmalarida bo‘ldi. Ular ikki barobar kattalashib, endi yarim shaffof fon va yumaloq burchaklarga ega bo‘ldi. O‘zgarishlar “Ijro/To‘xtatish”, “Keyingi video”, “Subtitrlar”, “To‘liq ekran rejimi” va boshqa tugmalarga tatbiq etildi.

Ynagilanishlarga ko‘ra, tovush balandligini sozlash shkalasi chapdan o‘ngga o‘tdi va ijro shkalasi qalin va to‘q rangga kirdi.

YouTube bosh ekrani ham biroz yangilandi. Muqovalar kattalashdi, kompyuterlarda esa bir qatorga faqat uchta video sig‘adi.

dizayn, youtube

YouTube’ning yangi dizayni haqidagi fikrlar turlicha bo‘ldi. Reddit’dagi amerikalik foydalanuvchilar tugmalar haddan tashqari katta, pleyer kamroq tushunarli, YouTube’ning o‘zi esa kompyuterda xuddi televizordagidek ko‘rinishga ega bo‘lib qolganini ta’kidlamoqda.

Ovoz balandligini sozlash shkalasi ham tanqidga uchradi — yangi dizayndan so‘ng ovoz balandligini faqat slayderni siljitish orqali o‘zgartirish mumkin.

Ilgari buni sichqoncha g‘ildiragini aylantirish orqali ham qilsa bo‘lardi. Boshqalarga esa YouTube’ning yangi dizayni yoqdi.


Avvalroq Bloomberg YouTube barcha videolarni istalgan tilda to‘liq dublyaj qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi haqida xabar bergandi.

Shuningdek, kompaniya sun’iy intellekt yordamida lablar harakatlarini tarjimaga moslashni va vafot etgan aktyorlarni “jonlantirishni” ham rejalashtirmoqda.