O‘zbekiston Turkiya kompaniyasi bilan xalqaro investitsion arbitraj ishida yutib chiqdi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
2024-yilning 10-oktabr kuni Investitsion nizolarni hal qilish xalqaro markazining (ICSID) arbitraj tribunali Bursel Tekstil Sanayi Ve Diş Ticaret A.Ş. kompaniyasi va Turkiya fuqarolarining O‘zbekistonga qarshi ochilgan da’vosi bo‘yicha qarorini chiqardi.
Da’vo miqdori taxminan $700 mlnni tashkil etgan ish yuzasidan arbitraj tribunali Bursel kompaniyasining barcha da’volarini rad etib, ularga O‘zbekiston tomonining arbitraj xarajatlarini qoplab berishni belgilagan.
Arbitraj ishi Bursel kompaniyasi tashabbusi bilan 2017-yilning iyul oyida boshlanib, qariyb 7 yil davom etgan. Arbitraj qoidalariga ko‘ra, arbitraj tribunali qarori yakuniy va majburiy hisoblanadi.
Turkiya kompaniyasi O‘zbekiston hukumatini paxtani arzonlashtirilgan narxlarda sotish huquqi va eksport mahsulotlarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish kabi va’dalarni bajarmaganlikda ayblagan. Kompaniya bu paxta ishlab chiqaruvchi uchta to‘qimachilik fabrikasini bankrotlikka olib kelganini da’vo qilgan.
Mazkur arbitraj ishida O‘zbekiston manfaatlarini Adliya vazirligi hamda White&Case xalqaro yuridik firmasi himoya qildi. Bursel kompaniyasining manfaatlarini himoya qilish Başpinar & Partners Law Firm, Beckett Law LLC, Cooley LLP, Cooley LLP (2020-yilgacha), Freshfields Bruckhaus Deringer LLP (2022-yilgacha) xalqaro yuridik firmalari tomonidan ta’minlandi.
Avvalroq tadbirkorlarga yer hamda ijara to‘lovlari bo‘yicha soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berilishi haqida xabar berilgandi.