Toshkent hududining qariyb yarmi yaqin 20 yil ichida rekonstruksiya va yangilanishga muhtoj. Bu haqda Spot tanishib chiqqan CMWP Uzbekistan konsalting kompaniyasi va Atlas Global byurosi tomonidan tayyorlangan “IQ Toshkent 25. Shaharning 1930−2025 yillardagi rivojlanish dinamikasi” mavzusidagi tadqiqotda keltirilgan (nusxasi tahririyatda mavjud).

Bosh reja asosidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, poytaxtdagi mavjud qurilish va infratuzilmalarning 43%i uchun rekonstruksiya zarur. Bu hajmga nafaqat turar-joy binolari, balki ko‘cha-yo‘l tarmog‘i, muhandislik kommunikatsiyalari va jamoat joylari ham kiradi.

Shahar muhitini yangilash uch yo‘nalishda amalga oshiriladi:

  • hududning 43%i — rekonstruksiya: ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini qisman zichlashtirish va rivojlantirish orqali mavjud binolarni yangilash;
  • hududning 28% — konservatsiya: obodonlashtirish va atrof-muhit barqarorligini ta’minlagan holda yangi qurilishsiz joriy foydalanishni saqlab qolish;
  • hududning 15%i — renovatsiya: kam qavatli, sanoat va foydalanilmayotgan uchastkalarni yangi qurilishlarni shakllantirish orqali to‘liq o‘zgartirish.

Yo‘nalishlarning har biri hayot sifatini yaxshilash va poytaxtni o‘sib borayotgan aholi va iqlim o‘zgarishi muammolariga moslashtirishga qaratilgan.

Strategiya doirasida rekonstruksiya funksional vazifasini to‘liq o‘zgartirish bilan bog‘liq bo‘lmagan binolar, kommunikatsiyalar va transport uzellarini yangilash hisoblanadi.

Hududni to‘liq buzish va yangidan qurishni nazarda tutuvchi renovatsiyadan farqli o‘laroq, rekonstruksiya bir vaqtning o‘zida atrof-muhit sifatini, energiya samaradorligini va iqlim muammolariga chidamliligini oshirish bilan tuzilmani saqlab qolishga qaratilgan.

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, Toshkentning faol rivojlanishi shaharning asosiy tizimlarini, jumladan, transport va muhandislik infratuzilmasini modernizatsiya qilishni, shuningdek, ko‘kalamzorlashtirishni kengaytirishni talab qiladi.

Iqlim barqarorligini oshirish eng muhim vazifalardan biri bo‘ladi. Hozirda shahar hududining 85%i “issiqlik oroli” ta’siri — tomlar, asfalt va boshqa suv o‘tkazmaydigan yuzalarda issiqlik to‘planishi natijasida qizib ketish xavfi ostida qolmoqda.

Taklif etilayotgan yechimlar orasida shox-shabbali daraxtlarni ekish orqali zich ko‘kalamzorlashtirish, och tusli qoplamalarni qo‘llash va ochiq tuproqni shamol ta’sirida nurashdan himoya qilish kabilar bor.

Avvalroq Spot Toshkentda ko‘chmas mulk bozori qariyb 75% ga oshgani haqida yozgandi.