Toshkent shahrida noqonuniy tashqi reklama qurilmalariga qarshi reyd tadbirlari olib borilmoqda. Bu haqda tuman hokimliklari matbuot xizmatlari xabar berdi.
Xususan, Shayxontohur tumanining Labzak ko‘chasida okrug rahbarlari va tegishli tashkilotlar tomonidan xatlov ishlari olib borildi. Unda “Reklama to‘g‘risida"gi qonun ijrosini ta’minlash va reklamani tayyorlash, joylashtirish hamda tarqatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Jarayon davomida qonun talablariga zid reklama bannerlari bartaraf etilib, tadbirkorlarga tashqi yozuvlar davlat tili talablariga rioya etilishi yuzasidan tushuntirish berildi.
Bunday tadbirlar Chilonzor tumanida ham olib borilib, tumandagi asosiy shoh ko‘chalardagi simyog‘chlar, piyodalar yo‘lagi va yo‘l yoqasiga joylashtirilgan noqonuniy tashqi reklama vositalari olib tashlandi.
Olmazor tumanidagi o‘rganish ishlari tuman hokimligi, soliq inspeksiyasi hamda ishchi guruhi a’zolari tomonidan amalga oshirildi.
Tadbirkorlik subyektlarining tashqi yozuvlarda davlat tili talablariga rioya etilishi o‘rganilib, standartlarga javob bermaydigan noqonuniy o‘rnatilgan reklama qurilmalari, axborot yozuvlari, e’lonlar, peshlavhalar, tashqi reklama bannerlarini tartibga keltirish ishlari olib borildi.
Tuman hokimligi barcha tadbirkorlardan tashqi axborot hamda reklama qurilmalaridagi yozuvlarni joylashtirishda “Davlat tili haqida"gi hamda “Reklama to‘g‘risida"gi qonunlar talablariga rioya etishni so‘ragan.
Mart oyida poytaxtda reklama va e’lonlar peshlavhalarining davlat tili talablariga muvofiqligi o‘rganilib, Shayxontohur hamda Yakkasaroy tumanlarida tadbirkorlarga qonun talablari hamda ma’muriy javobgarlik yuzasidan tushuntirish berilgandi.
Davlat tili talabi
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda reklamalarda davlat tili talablari buzilishi holatlari ko‘paymoqda hamda ularga tegishli choralar ko‘rilmoqda. Xususan, mart oyida Raqobat qo‘mitasi Navoiyda davlat tilida menyusi bo‘lmagan kafega ish qo‘zg‘atdi. Kompaniya mas’uliga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organiga yuborildi.
Shuningdek, qo‘mita hamda Transport vazirligi tomonidan o‘zboshimchalik qilgan Wizz Air aviakompaniyasi xodimlariga chora ko‘rildi. Sobiq deputat Rasul Kusherbayev murojaati asosida aviakompaniya personallarining o‘zbek tilida faoliyati ta’minlandi.
Aprel oyida Basri Baba, China Chuan Chuan, CakeLab hamda Bon! restoranlarida menyuning davlat tilida berilishi ta’minlandi.
Avvalroq Spot Kadastr agentligi noqonuniy o‘rnatilgan bankomatlar demontaj qilinishini ma’lum qilgani haqida yozgandi.