O‘zbekiston Meta kompaniyasiga sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni taklif qilmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlikda Meta kompaniyasining Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston, Shri-Lanka va Maldiv orollari bo‘yicha vakili Senura Abeyvardena bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tomonlar sun’iy intellekt va onlayn ta’lim bo‘yicha hamkorlik muhokama qildi.
Xususan, vazirning birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos Adliya vazirligi bilan Llama modelidan foydalanilgan holda ishlab chiqilgan Lex AI chat-boti haqida so‘z yuritdi. U davlat xizmatlaridan foydalanish va rasmiy hujjatlar tayyorlashda yordam beradi.
Nvidia bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan tadbir va unda O‘zbekistondagi ixtisoslashgan universitetlardan 300 nafar talabaning ishtirok etishi haqida ma’lumot berildi. Meta bilan ham shunga o‘xshash tadbir tashkil etish taklif qilindi.
Vazir o‘rinbosari Rustam Karimjonov esa joriy yilning may oyida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan 1M AI Prompters (1 mln sun’iy intellekt yaratuvchisi) onlayn ta’lim platformasi haqida ma’lumot berdi. Meta o‘quv kurslarini ushbu platformada joylashtirish taklifi bildirildi.
Senura Abeyvardena o‘z nutqida sun’iy intellektni o‘zbek tiliga moslashtirish va o‘qitish uchun mahalliy ma’lumotlar infratuzilmasini yaratish tashabbusini ilgari surdi. U Tayvan va Qozog‘istondagi muvaffaqiyatli loyihalarni qayd etdi.
Meta muhandislari ishtirokida virtual sessiyalar tashkil etish, modellarni o‘rgatish, aniqlash, mutaxassislarni ochiq kodli dasturlar bilan ishlashga tayyorlashda kompaniya bilan hamkorlik qilinishi mumkin.
Bundan tashqari, Meta vakili kompaniya Llama’ni davlat saytlariga integratsiya qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Avvalroq Yevrokomissiya Apple’ga $570 mln va Meta’ga $228 mln jarima solgani haqida xabar berilgandi. Regulyatorning jarima solishiga ikkala kompaniyaning monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzgani sabab bo‘lgan.