Mart oyida O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar ulushi kamaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotida keltirilgan.

1-aprel holatiga ko‘ra, bank sektorining kredit portfeli 551,8 trln so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha $42,8 mlrd) ni tashkil etib, fevral oyiga nisbatan 2,18% ga o‘sdi.

Bunda muammoli kreditlar (NPL) ulushi kredit portfelining 4,5%i dan 4,3%i ga kamaydi, shu bilan birga, mutlaq ko‘rsatkichda 3,66% ga — 24,34 trln so‘mgacha o‘sish qayd etildi.

Davlat banklarida muddati o‘tgan kreditlar ulushi bir oyda 4,6% dan 4,2% ga kamaydi, xususiy moliya institutlarida esa NPL ko‘rsatkichi fevral oyidagi 4,3% darajasida saqlanib qolgan.

Quyidagi banklar NPLni sezilarli darajada yaxshilagan:

  • O‘zmilliybank — 3,7% dan 3,2% gacha;
  • O‘zsanoatqurilishbank — 4,4% dan 4,1% gacha;
  • Agrobank — 4,7% dan 4,5% gacha;
  • Biznesni rivojlantirish banki — 9% dan 8,1% gacha;
  • Ipoteka-bank — 11% dan 10,2% gacha;
  • Asia Alliance Bank — 2,4% dan 1,2% gacha;
  • Mikrokreditbank — 6,9% dan 6,6% gacha;
  • Madad Invest Bank — 11% dan 9,7% gacha.

Mart oyida muammoli kreditlarning eng katta o‘sishi Garant bank’da kuzatildi — 21,7% dan 23,4% gacha. Keyingi o‘rinlarda TBC Bank (2,1% dan 3,3% gacha) va Yangi Bank (6,8% dan 7,9% gacha) turibdi.

Shuningdek, NPLning sezilarli o‘sishi Ziraat Bank (2,9% dan 3,6% gacha), Anor Bank (2,2% dan 2,8% gacha) hamda InFinBank (1,2% dan 1,7% gacha) da qayd etildi.

Avvalroq Fitch Ratings O‘zbekistondagi uchta bank aksiyalar paketlarining Franklin Templeton boshqaruvidagi Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazilishini ijobiy baholagani haqida xabar berilgandi.