AQSh fuqarolari uchun daromad solig‘i Amerika bojlari kuchga kirganidan so‘ng kamaytirilishi yoki butunlay bekor qilinishi mumkin. Bu haqda 27-aprel kuni prezident Donald Tramp ma’lum qildi.
“Bojlar amalda bo‘lganida, ko‘pchilik odamlarning daromad solig‘i sezilarli darajada pasayadi, hattoki butunlay bekor qilinishi mumkin”, — deya Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.
Trampning ta’kidlashicha, soliqlarni kamaytirish bo‘yicha asosiy choralar yiliga $200 mingdan kam daromad oladigan odamlarga qaratiladi.
“Bundan tashqari, allaqachon juda ko‘p ish o‘rinlari yaratilmoqda, yangi korxonalar qurilmoqda yoki rejalashtirilmoqda”, — deya xulosa qildi Tramp.
Trampning izohlari 2-may sanasigacha Xitoyga nisbatan yuqori savdo tariflarini to‘liq joriy etish muddati oldidan e’lon qilindi.
Investing nashri qayd etishicha, bu tariflar allaqachon amerikalik iste’molchilar uchun narxlarning oshishiga sabab bo‘layotganga o‘xshaydi.
Ayrim OAVlar va ijtimoiy tarmoqlardagi postlar Xitoyning mashhur Temu va Shein elektron tijorat platformalari o‘tgan hafta AQSh mijozlari uchun narxlarni keskin ko‘targanini ko‘rsatdi.
Avvalroq Spot Trampning boyligi o‘zi joriy etgan boj tariflari sababli $500 mlnga kamaygani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Tramp yangi tariflarni e’lon qilishdan oldin uning boyligi $4,7 mlrdga baholangan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkicha $4,2 mlrdgacha tushdi.