IndiGo Pokiston havo hududining hind aviatashuvchilari uchun yopilishi sababli Dehli-Toshkent va Dehli-Olmaota reyslarini kamida 2025-yil 7-maygacha to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
Qayd etilishicha, Pokiston havo hududining yopilishi tufayli IndiGo tomonidan amalga oshiriladigan 50ga yaqin xalqaro yo‘nalish uzunroq uchastkalarni talab qiladi va shuning uchun jadvalga ba’zi kichik o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
“Shu cheklovlar va yo‘nalishni o‘zgartirish imkoniyatlarining cheklanganligi sababli, afsuski, Olmaota va Toshkent hozirgi IndiGo parkining operatsion diapazonidan tashqarida qolmoqda. Shu sababli, Olmaotaga 27-apreldan kamida 7-maygacha, Toshkentga esa 2025-yil 28-apreldan 7-maygacha parvozlar bekor qilindi”, — deyiladi IndiGo bayonotida.
MDHdagi IndiGo yo‘nalishlari uzunroq yo‘nalish tufayli 80−90 daqiqa ko‘proq vaqt olishi kutilmoqda. Parvoz vaqtining uzayishi natijasida, ba’zi yo‘nalishlar endi kompaniyaning hozirgi Airbus A320 oilasi samolyotlari parki imkoniyatlaridan tashqariga chiqib ketdi.
2022-yilning noyabrdida Hindiston kompaniyasining O‘zbekistonga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilingandi. 2023-yilning mart oyida aviatashuvchining parvozlari avgustdan boshlanishi hamda haftasiga to‘rt marta amalga oshirilishi haqida xabar berildi.
2023-yil avgusti oyida IndiGo O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olgandi. Aviakompaniya Dehli-Toshkent-Dehli yo‘nalishida A-320NEO va A-321 NEO havo kemalarida aviaqatnovlarni amalga oshiradi.
IndiGo Hindistonning eng yirik yo‘lovchi aviakompaniyasi bo‘lib, 2006-yili tashkil etilgan. 2022-yilning avgust holatiga ko‘ra kompaniya bozor ulushi 57,7%ni tashkil etadi. Loukoster jami 100 ta yo‘nalishga ega bo‘lib, shundan 74 tasi mahalliy va 26 tasi xalqaro yo‘nalish hisoblanadi.
Avvalroq Spot AirAsia X oktabrdan Kuala-Lumpur va Toshkent o‘rtasida parvozlarni boshlashi haqida yozgandi.
Joriy yil boshida ruxsatnoma olgan Malayziya aviakompaniyasi aviaqatnovlarni haftasiga uch marta amalga oshirishni mo‘ljallamoqda.