Elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi

O‘tgan yilning 1-mayidan mamlakatda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirilgandi. Shu bilan birga, 1-apreldan boshlab ularni yana oshirish belgilangandi. Biroq, prezident topshirig‘i bilan bu bir oyga — maygacha kechiktirildi.

Yirik sanoat korxonalari va budjet tashkilotlari (I guruh) uchun elektr narxi o‘zgarishsiz — 1 kVt/soat uchun 1000 so‘mdan qoladi. Turli yuridik shaxslar (II va IV guruh) uchun esa tarif biroz — 900 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshadi.

Markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalardagi iste’molchilar uchun (III guruh) ham o‘zgaruvchan tariflarga yangi narx belgilanadi.

Bunda narxlar oyiga ijtimoiy norma doirasida, ya’ni 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi iste’mol qiluvchilar uchun 225 so‘mdan 300 so‘mga ko‘tariladi. Qolgan iste’molchilarning 200 kVt/soatgacha iste’moli uchun tariflar bir kVt soatiga 450 so‘mdan 600 so‘mgacha oshiriladi.

Barcha iste’molchilar, shu jumladan, issiqlik elektr stansiyalari (IES) va markazlari (IEM) uchun bir kub metr tabiiy gaz narxi 1 800 so‘mga ko‘tariladi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun gaz 2 500 so‘mdan yetkazib beriladi.

Shuningdek, aholi uchun tabiiy gazning bir kubometr narxi 650 so‘mdan 1 000 so‘mga oshiriladi. Bunda tabiiy gaz uchun ijtimoiy norma isitish mavsumida 500 kub metrni, boshqa mavsumda esa 100 kub metrni tashkil etadi.

Suyultirilgan gazning bir kilogrammi esa 1 600 so‘mdan 2 000 so‘mga oshiriladi. Yangi tariflar bilan batafsil Spot’da tanishish mumkin.


Elektr energiyasi uchun yangi tariflar joriy etiladi

1-maydan boshlab 201 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha bo‘lgan oraliqda elektr energiyasi iste’moli uchun yangi tarif amal qila boshlaydi. Ushbu oraliqda iste’mol qilingan har bir kVt/soat uchun narx 800 so‘mni tashkil etadi.

Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi iste’molchilar uchun bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, narxlar quyidagicha belgilanadi:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha — 300 so‘m;
  • oyiga 201 kVt/soatdan 500 kVt·soatgacha — 400 so‘m;
  • oyiga 501 kVt/soatdan 1000 kVt·soatgacha — 500 so‘m;
  • oyiga 1001 kVt/soatdan 5000 kVt·soatgacha — 750 so‘m;
  • oyiga 5001 kVt/soatdan 10 000 kVt·soatgacha — 875 so‘m;
  • oyiga 10 001 kVt/soat va undan yuqori — 1 000 so‘m.

Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa quyidagicha:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha — 600 so‘m;
  • oyiga 201 kVt/soatdan 500 kVt·soatgacha — 800 so‘m;
  • oyiga 501 kVt/soatdan 1000 kVt·soatgacha — 1000 so‘m;
  • oyiga 1001 kVt/soatdan 5000 kVt·soatgacha — 1500 so‘m;
  • oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt·soatgacha — 1750 so‘m;
  • oyiga 10 001 kVt/soat va undan yuqori — 2000 so‘m.

Elektr va gaz iste’moli ijtimoiy normadan oshgan fuqarolarga kompensatsiya beriladi

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan oilalarda nechta kishi bo‘lsa, ularning jami oylik daromadi har bir kishiga 669 ming so‘mdan kam chiqsa, Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarning bir oylik daromadi har bir a’zo uchun 1,15 mln so‘mdan kam bo‘lsa, ularga xarajatlari qoplab beriladi.

Shu bilan birga, kompensatsiya ikkala reyestrga ham kirmagan, ammo mol-mulki kam va oylik daromadi har bir oila a’zosiga 1 mln so‘mdan kam bo‘lganlarga ham taqdim etiladi.

Kompensatsiya ajratish tartibi quyidagicha:

  • elektr uchun — oyiga bazaviy me’yordan (200 kVt soatdan) ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha;
  • gaz uchun — isitish mavsumida bazaviy me’yordan (500 kub metr) ko‘p foydalanilgan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda (100 kub metr) esa 150 kub metrgacha qismiga.

Masalan, bir oila 1 oyda 350 kVt elektr energiyasidan foydalansa, uning 200 kVti uchun 600 so‘mdan to‘laydi, 201 kVtdan — 350 kVtgacha bo‘lgan 150 kVt elektr iste’moli uchun esa davlat kompensatsiya beradi.

Bundan tashqari, may oyidan boshlab har oy uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun xarajatlar qoplab beriladi. Ilgari bu faqat qish mavsumida — noyabr-fevral oylarida berilardi.


Tovarlarni bojsiz olib kirish normasi kamaytiriladi

Hukumatning qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan bojxona to‘lovlarisiz mamlakatga olib kiriladigan tovarlar uchun normalar quyidagicha pasaytiriladi:

  • havo transportida — amaldagi $2000 dan $1000 ga;
  • temir yo‘l va daryo transportida — $1000 dan $500 ga;
  • xalqaro kuryerlik jo‘natmalari — har chorak uchun $1000 dan oyiga $200 gacha.

Shu bilan birga, avtomobil va piyoda o‘tish punktlari ($300), xalqaro pochta jo‘natmalari orqali olib kelinadigan tovarlar uchun ($100) normalar o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.

Endilikda fuqarolar tovarlarni bojsiz olib kirishlari uchun xorijda belgilangan muddatlargacha bo‘lishlari kerak. Bu temiryo‘l, daryo transportida hamda avtomobil o‘tkazish punktlari orqali kirishda 2 kundan, havo transporti orqali esa 3 kundan kam bo‘lmasligi kerak.

Bunda olib kirilgan tovarlar uchun ularning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.


Elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshiriladi

Yil boshida qabul qilingan hukumat qarori bilan O‘zbekistonda 1-maydan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshiriladi.

Bunda tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasiga faqat elektrodvigatelga ega bo‘lgan transport vositalari kiradi. Gibrid avtomobillar esa bundan mustasno.

Elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi ularning ishlab chiqarilgan yiliga qarab, quyidagicha farqlanadi:

  • uch yildan kam bo‘lsa — BHMning 120 baravari (45 mln so‘m);
  • uch yildan ortiq bo‘lsa — BHMning 210 baravari (78,75 mln so‘m).

Hukumat 2020-yilning 1-avgustidan ayrim transport vositalari uchun utilizatsiya yig‘imini joriy qilgan. Amalda uch yildan kam bo‘lgan elektromobillar uchun yig‘im BHMning 30 baravari — 11,25 mln so‘mni (4 baravarga oshmoqda), uch yildan ortiq bo‘lganlari uchun esa BHMning 90 baravari — 33,75 mln so‘mni (2,3 baravar) tashkil etadi.

Utilizatsiya yig‘imini oshirishdan maqsad “yashil” texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, elektromobillarning yaroqsiz batareyalarini atrof-muhitga keskin zarar yetkazmagan holda utilizatsiya qilishni ta’minlash hamda sohada mahalliylashtirish ishlarini yanada jadallashtirishga qaratilgan.


70 turdagi tovarlarning bojxona qiymati va miqdori nazorat qilinadi

Erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirishda bojxona qiymati va miqdori alohida nazorat qilinadigan tovarlar ro‘yxati tasdiqlandi. Unga jami 70 ta tovar kiritilgan bo‘lib, bular qatorida to‘qimachilik, oziq-ovqat, kimoviy hamda elektrotexnika mahsulotlari, shuningdek, metall buyum kabilar bor.

Mazkur tovarlarning bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirish oxirgi 90 kun ichida deklaratsiya qilingan shunga o‘xshash tovarlar o‘rtacha bojxona qiymatining kamida 80%ini tashkil etganda amalga oshiriladi.


Ayrim tadbirkorlarga garovsiz kreditlar beriladi

Endi yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslardan davlat boji undirilmaydi.

O‘z faoliyatini YTT, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan o‘zini o‘zi band qilganlar va tadbirkorlarga garovsiz kreditlar beriladi. Bunda mablag‘lar Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 50 mln so‘mgacha, Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida esa 150 mln so‘mgacha ajratiladi.

Bundan tashqari, faoliyatini o‘rta yoki yirik biznes toifasiga yiriklashtirganlarga 1 yil davomida QQS summasi o‘rnini qoplash 7 kunga tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.


Vaucher asosida kasblarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi

Kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi Samarqand viloyati va Toshkent shahrida sinov tarzida joriy etilgandi. Maydan boshlab bu butun mamlakat bo‘ylab yo‘lga qo‘yiladi.

Ishsiz fuqarolar davlat va nodavlat o‘quv markazlarida vaucher bilan bepul o‘qishlari mumkin. Kambag‘al oilalar a’zolari ustunlikka ega. O‘qish to‘lovlari to‘liq qoplab beriladi. To‘lovning dastlabki 50%i o‘qish boshlanganida, qolgan qismi esa o‘qish tugagach — sertifikat olingandan keyin, o‘quv markaziga o‘tkaziladi.

Vaucherlar tuman yoki shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari tomonidan taqdim etiladi. Elektron vaucherni olgach, uni o‘quv markaziga olib borib, o‘qishni boshlash mumkin bo‘ladi.

Fuqarolar vaucher asosida 35 ta til va kasblarga bepul o‘qitiladi. Bular qatorida marketing bo‘yicha mutaxassis, interer dizayner, ayollar va erkaklar sartaroshi, fotograf, gid-sayohatchi kabilar bor. Batafsil ro‘yxat bu yerda.


Mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarni raqamli markirovkalash joriy etiladi

Hukumat qarori bilan mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini raqamli markirovkalash tartibi tasdiqlandi.

Ushbu tartib tajriba tarzida joriy yilning 1-mayidan yo‘lga qo‘yiladi hamda 31-oktabrgacha davom etadi. 2026-yilning 1-mayidan esa majburiy amalga oshirila boshlanadi.

Loyiha doirasida barcha azotli, fosforli, kaliyli va kompleks o‘g‘itlar, mikroo‘g‘itlar va brommetan (metilbromid) markirovka qilinishi belgilanmoqda. Shu bilan birga, unda foydalaniladigan vositalar qatorida insektitsidlar, fungitsidlar, gerbitsidlar, o‘simliklar o‘sishini boshqaruvchi va dezinfeksiyalash vositalari bor.

Tajriba loyihasida Maxam-Chirchiq, Swissagro, Ifoda Agro Kimyo Himoya, Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals hamda Schelkova Agrohim-O‘zbekiston kompaniyalari ishtirok etadi.


Mahsulot va xizmatlarni Halol belgisi bilan markirovkalashga ruxsat beriladi

Bu Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC) standartlari asosida sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan olti oyda Halol talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organini akkreditatsiyadan o‘tkazadi.

Sertifikat olish uchun talabgorlar arizani sertifikatlashtirish organiga elektron tarzda yo‘llaydi. O‘rganishlar natijasi bilan muvofiqlik sertifikati rasmiylashtiriladi. Sertifikat egasining faoliyati davriy baholanib boriladi.


Qurilish ruxsatnomalari onlayn beriladi

Qurilishni boshlashdan foydalanishga ruxsatnoma berishgacha bo‘lgan jarayonlar “Shaffof qurilish” tizimida onlayn amalga oshiriladi.

Qurilishi tugallangan ko‘p qavatli uy-joydan foydalanishga ruxsatnoma berishda faqat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamda davlat yong‘in nazorati organlaridan xulosa olinadi.

Bunda buyurtmachi tomonidan ishlab chiqilgan dastlabki loyiha hujjatlari shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazishdan oldin sanitariya-epidemiologiya xizmati, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari bilan kelishiladi.

Inspeksiya qurilish-montaj ishlari kelishilgan loyiha hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishini nazorat qiladi. Zarur hollarda boshqa idoralar mutaxassislari jalb qilinishi mumkin.

Endi inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tgan ko‘p kvartirali uy-joylar ruxsatnoma berishdan oldin instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazilmaydi. Bunda qurilish davrida ko‘p kvartirali uy-joyni sinovdan o‘tkazgan laboratoriya tomonidan zilzilabardoshlikka doir xulosasi olinadi.


Ko‘p qavatli uy-joy qurish uchun yerlar faqat QQS to‘lovchilarga beriladi

Yangi O‘zbekiston massivlarini barpo etish doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib o‘rnatiladi:

  • yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolarida qatnashish, ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va ularni realizatsiya qilishga faqat QQSni to‘lovchi yuridik shaxslarga ruxsat etiladi;
  • yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolari ofertasida loyiha oldi hujjatlari tayyorlashga 15 kunlik, loyiha ishlarini bajarishga 2 oylik va qurilish ishlarini boshlashga 3 oylik muddat belgilanadi, shuningdek, unda qurilishni yakunlash va obyektni foydalanishga qabul qilish muddatlari ko‘rsatiladi;
  • auksion savdolarida yer uchastkasini ko‘p kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar ijaraga olgan paytdan boshlab 12 oy davomida ushbu yer uchastkasi bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.

Banklar balansidagi mol-mulklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozor narxida sotishlari mumkin

Ustav fondida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan banklarga va ular huzuridagi investitsiya kompaniyalariga auksionda sotilmasdan qarzdorliklarni so‘ndirish evaziga bank balansiga olingan mol-mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi.

Shu jumladan, ularga kredit, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, lizing shartnomalari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali sotish imkoniyat beriladi.

Tijorat banklariga qarzdorliklarni so‘ndirish evaziga bank balansiga qabul qilingan bino-inshootlar, texnologik uskunalar va boshqa mol-mulklar negizida tijorat banklari huzuridagi investitsiya kompaniyalari orqali to‘xtab qolgan ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) faoliyatini tiklab, ularni tayyor biznes sifatida salohiyatli investorlarga sotish huquqi beriladi.


Xotin-qizlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi

Tadbirkor xotin-qizlar Hamroh dasturi doirasida qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, ularga yashil va IT-sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashgan 1 ming nafar tadbirkorga 50 mln so‘mgacha grant ajratiladi.

Shu bilan birga, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi

Ayol tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan kafillik taqdim etilishi yo‘lga qo‘yiladi.


Hamkor tadbirkor dasturi yo‘lga qo‘yiladi

Dastur doirasida xotin-qizlarga quyidagilar bo‘yicha ko‘maklashiladi:

  • o‘z biznesini tashkil etmoqchi bo‘lganlarga tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish;
  • kooperatsiya asosida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • mahalliy va xalqaro elektron platformalarda o‘z mahsulotlarini joylashtirish va sotish.

Muvofiqlik deklaratsiyasini ro‘yxatga olish tartibi o‘zgartiriladi

Muvofiqlik deklaratsiyasini sertifikatlashtirish organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi. Endilikda ularni shakllantirish va hisobga olish Texnik tartibga solish axborot tizimi (TRIS) orqali amalga oshiriladi.


Qurilish inspeksiyasi qurilish kompaniyasining moliyaviy faoliyatiga aralashishi taqiqlanadi

Tadbirkor hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari o‘rtasida shartnoma tuzilgan bo‘lsa, qurilish obyektlarida qisqa muddatli nazorat tadbirlari shartnoma shartlari doirasida amalga oshiriladi va Yagona davlat nazorati tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

Inspeksiyaga xo‘jalik yurituvchilarning moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashish qat’iyan taqiqlanadi.


Fonogrammadan foydalanish cheklanadi

Davlat budjeti va budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan barcha konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish bosqichma-bosqich cheklanadi.

Shuningdek, Madaniyat vazirligi tomonidan ijodkorlarni O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist va O‘zbekiston xalq hofizi davlat mukofotlariga tavsiya etishda, birinchi navbatda, ularning jonli ijro eta olish qobiliyati inobatga olinadi.


MFY raislari mediatorlikka bepul o‘qitiladi

Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida fuqarolar yig‘ini raislari oilaviy mediatsiya ishlari bo‘yicha professional mediatorlikka bepul o‘qitiladi.

Bunda 2025-yil davomida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan kelishilgan holda har bir tuman-shaharda 5 nafardan fuqarolar yig‘ini raislari o‘qitiladi. Kelgusida barcha fuqarolar yig‘ini raislari professional mediatorlikka bosqichma-bosqich o‘qitib boriladi.

Professional mediatorlikka o‘qitilgan fuqarolar yig‘ini raislari otaning (onaning) voyaga yetmagan farzandlari uchun ota-onalik huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha mediatorlik faoliyatini bepul amalga oshiradi.


Davolash xarajatlarini moliyalashtirish tartibi belgilanadi

Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingan.

Hujjat bilan “Ijtimoiy daftarlar” jamg‘armalari hisobidan davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazish xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi.


Qamoqdan ozod etilganlarga 2,25 mln so‘mgacha pul beriladi

1-maydan ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga BHMning 6 baravari miqdorida (2,25 mln so‘m) bir martalik nafaqa puli Inson ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali to‘lanadi.


Davlat organlarining HR-sohasi faoliyati samarali tashkil etiladi

Hukumat qarori bilan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyati Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan baholab boriladi.

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari rahbarlari Davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan attestatsiyadan o‘tkaziladi.


Kreativ park rezidentlariga soliq imtiyozlari beriladi

Ushbu soliq imtiyozlari 1-maydan 2031-yilgacha amal qiladi. Ular ijtimoiy soliqni hamda JShODSni 50% kamaytirilgan stavkada to‘lashlari mumkin.

Tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan daromadi miqdoridan qat’i nazar AOS to‘lovchilar toifasiga kiritiladi. Bunda ular o‘z istagiga binoan umumbelgilangan soliq solish tartibiga o‘tishlari mumkin.

Bundan tashqari, xorijiy tillar bo‘yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatni olganiga 2 yildan oshmagan yoshlarga olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga BHMning 320 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda beriladi.


20 ta tumanda sanoatni rivojlantirish loyiha ofislari ochiladi

Bunga quyidagi tumanlar kiradi: Ohangaron, Sirdaryo, Sharof Rashidov, Kattaqo‘rg‘on, Urgut, Namangan, Chust, Andijon, Oltinko‘l, Dang‘ara, Uchko‘prik, G‘ijduvon, Kogon, Koson, Kitob, Sariosiyo, Karmana, Urganch, Hazorasp, Qo‘ng‘irot tumanlari.

Ularning faoliyati Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida tashkil etiladigan Sanoatni rivojlantirish bosh loyiha ofisi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Loyiha ofislari kichik va o‘rta biznes subyektlariga maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi. Ular korxonalarga ham mahalliy, ham xorijdan muhandis, texnolog, dizayner, marketolog va boshqa malakali mutaxassislarni jalb qiladi.

Har bir loyiha ofisiga o‘z tumanida 10 tadan drayver loyiha va 5 tadan milliy brend mahsulotlarini ishga tushirish vazifasi qo‘yilmoqda. Kichik va o‘rta biznesda ishlab chiqarish va eksport hajmini kamida 1,5 barobar oshirish maqsad qilingan.

Loyiha ofislari faoliyatini moliyalashtirish va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun 2025-yilda 100 mlrd so‘m ajratiladi. Yana 500 mlrd so‘m drayver loyihalarni infratuzilma bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.


Farg‘onada ichimlik va oqova suvi narxlari oshiriladi

Bir metr kub ichimlik suvi narxi quyidagicha:

  • aholi uchun — 3448 so‘m (amalda — 2128 so‘m);
  • budjet va boshqa tashkilotlar uchun — 6944 so‘m (3350 so‘m).

Oqova suvi xizmatiga:

  • aholi uchun — 728 so‘m (amalda — 504 so‘m);
  • budjet va boshqa tashkilotlar uchun — 1736 so‘m (870 so‘m).

Narxlar QQSni hisobga olgan holda keltirilgan.