Markaziy bank tijorat banklariga mikroqarzlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirmoqda, deya xabar berdi regulyator matbuot xizmati.

Markaziy bank boshqaruvining 22-apreldagi qaroriga ko‘ra, mikroqarzlarning banklar kredit portfelidagi ulushi, mikromoliya banklarini hisobga olmaganda, avtokreditlar kabi 25%gacha cheklanadi.

Bundan tashqari, kredit kartalari bo‘yicha konsentratsiya koeffitsiyenti (ovedraft) bank kredit portfeli umumiy summasining 25%i miqdorida belgilandi.

Markaziy bank mikroqarzlar va kredit kartalari bo‘yicha konsentratsiya koeffitsiyentlari bo‘yicha yangi talablarga javob bermaydigan banklarga muhlat berdi. 2029-yil 1-yanvargacha ular asta-sekin — regulyator bilan kelishilgan muddatlarda — kreditlar konsentratsiyasi ulushini kamaytirishi kerak.

Regulyator ta’kidlashicha, yangi qarorning qabul qilinishi regulyatorning makroprudensial vositalarini samarali qo‘llash va bank tizimining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.

Markaziy bankning mazkur qarori rasmiy e’lon qilinganidan so‘ng uch oy o‘tgach, ya’ni 24-iyuldan boshlab kuchga kiradi.

2025-yil fevral holatiga ko‘ra, beshta bankda mikroqarzlar kredit portfelining 25%idan ortiq qismini tashkil etadi, ulardan uchtasi “yangi” banklar hisoblanadi. Tartibga soluvchi organ kredit portfeli o‘sishi bilan ularning ulushi pasayishini kutmoqda.

Markaziy bank ikkita bank bilan muzokaralar olib bordi va ularga kredit mahsulotlarini o‘zgartirish uchun muhlat berdi. “Telegram"-kanal muallifi Nikita Makarenko o‘z postida “portfelidagi barcha kreditlarning 100%i” mikroqarzlar bo‘lgan ikkita bank — “TBC Bank” va “Anor Bank” nomlarini keltirib o‘tdi.

Mikromoliyalash

Yaqinda Fitch Ratings’ning bank sektori direktori Pavel Kaptel chakana kreditlashning rivojlanishi bank sektorining dollarlashuv darajasini va kreditlarning konsentratsiyasini pasaytirishini, shuningdek, banklar uchun foydaliroq segment ekanligini aytdi. Biroq, uning fikricha, chakana kreditlash bozorida qizish xavfi mavjud bo‘lib, bu kelgusida banklar aktivlari sifati bilan bog‘liq muammolarga olib kelishi mumkin.

“Mikroqarz va mikrokreditlarga e’tibor qaratsak, bu sohada vaziyat ancha barqaror, yildan-yilga sezilarli darajada o‘sish kuzatilmoqda. Shubhasiz, bu yerda past baza ko‘rsatkichi ta’siri bor, bu esa yuqori o‘sishni izohlaydi. Shu bilan birga, biz aholining haddan tashqari qarzdorlik xatari mavjudligini tan olamiz. Shu sababli, yaqin kelajakda Markaziy bank tomonidan potensial xatarlarni oldini olish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar ko‘rilishini kutmoqdamiz”, — deya ta’kidladi u.

2024-yilda milliy valyutada rasmiylashtirilgan mikroqarzlar va mikrokreditlar berish hajmi 50%dan ko‘proqqa oshdi: mikroqarzlar miqdori 45,83 trln so‘mni tashkil etib, 59,44%ga ko‘paydi, mikrokreditlar esa 17,4 trln so‘mga yetib, 52,91%ga o‘sdi.

Mikromoliya tashkilotlari orasida Uzum ekotizimi yetakchi bo‘lib, u Shaffof-moliya va Tezcoin orqali 7 trln so‘mlik kreditlar ajratdi — bu barcha ajratilgan kreditlarning yarmi yoki onlayn rasmiylashtirilgan kreditlarning 90%ini tashkil etadi.