Navoiy viloyatida 26 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan AGTKSh fosh etildi.

O‘zenergoinspeksiya Navoiy hududiy boshqarmasi, viloyat prokuratura va gaz ta’minoti korxonasi bilan hamkorlikda nazorat tadbiri o‘tkazilgan.

Unda Navbahor tumanida joylashgan “S. A. S.” MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi.

Xususan, ushbu AGTKShda gaz sarfini o‘lchash kompleksiga o‘rnatilgan qurilmaning kirish-chiqish qismidagi gaz jo‘mraklariga davlat standart talablariga zid ravishda noma’lum jism joylashtirilib, hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 26 mlrd 27 mln so‘mlik zarar yetkazganligi ma‘lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.


Avvalroq Spot Sirdaryoda 1,4 mlrd so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Sirdaryo tumanida korxona elektr qurilmalari uchun o‘rnatilgan elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatgani aniqlandi.