O‘zbekistondagi kichik quvvatli atom elektr stansiyasining birinchi betoni bir yildan keyin quyilishi mumkin. Bu haqda Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachevga tayanib, TASS nashri xabar berdi.
Korporatsiya rahbari Jizzax viloyati hududida kichik AES qurish loyihasi bo‘yicha barcha huquqiy masalalar hal qilinganini, oldinda odatiy tartib, loyihani aniqlashtirish, litsenziyalash va birinchi beton turganini qayd etdi. Shuningdek, u loyiha “bir yildan keyin, balki ertaroq amalga oshirilishi"ga umid qilmoqda.
“Agar emas, balki qachonki O‘zbekiston rahbariyati katta AES mavzusiga qaytganida, bizda allaqachon takliflar tayyor bo‘lgan bo‘ladi — nafaqat ushbu bo‘lajak obyektlarning ko‘rinishi bo‘yicha, balki O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahalliylashtirish bilan bog‘liq moliyaviy va tashkiliy masalalar bo‘yicha ham, katta hajmdagi ishlar bo‘yicha ham”, — dedi Lixachev.
Shuningdek, u mazkur loyiha xalqaro hamkorlik formatida, “elektrotexnika va mashinasozlikning eng yaxshi amaliyotlarini jalb qilgan holda” amalga oshirilishini ta’kidladi. “Ammo yadroviy texnologiyalar, reaktor oroli Rossiyaniki bo‘lishi aniq”, — deya xulosa qildi Rosatom bosh direktori.
28-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev INNOPROM. Markaziy Osiyo V xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida Rosatom davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tinch atom sohasidagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Bundan tashqari, tomonlar qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda yadro texnologiyalarini qo‘llash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, Toshkent shahridagi MIFI filiali negizida kadrlar tayyorlash masalalarini ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekistonda kichik AES qurilishi
Joriy yilning 27-may kuni O‘zatom va Rosatom kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati Spot’ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.
O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.
Joriy yilning fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik AESni qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qildi. Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.
Aprel oyi o‘rtalarida kichik AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. Jizzaxda qurilayotgan qurilish-montaj bazasi ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi.
Avvalroq O‘zatom Rosatom hamda CNNC bilan AESning yadroviy bo‘lmagan oroli uchun texnik jihozlarni yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi.