O‘zbekiston Tashqi ishlari vazirligi Tailandga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqdi.

Vazirlik matbot xizmatining xabar berishicha, Qirollik Tashqi ishlar vazirligi mamlakatga kirishning yangi tartibi joriy etilganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-mayidan boshlab Tailandga kiruvchi barcha chet el fuqarolari Tailandga kirish kartasini (Thailand Digital Arrival Card, TDAC) mamalakatga yetib kelish sanasidan 3 kun oldin maxsus platforma orqali olishlari shart.

TIV shundan kelib chiqib, Tailandga borishni rejalashtirgan O‘zbekiston fuqarolaridan Qirollik qarorini hisobga olishni so‘ramoqda.

Tailand raqamli kirish kartasi shaklini havola orqali onlayn to‘ldirish mumkin. Unda mamlakatga tashrif buyuruvchilardan pasport ma’lumotlari, sayohat hamda joylashuv manzili, shuningdek, salomatlik to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldirish kerak bo‘ladi.

2024-yilning 15-iyulidan Tailand O‘zbekiston fuqarolari uchun 60 kungacha vizasiz rejim joriy qildi. Elektron viza tizimida fuqarolarga turistik, biznes, oilaviy va boshqa viza turi 90 kun muddatga beriladi.

Joriy yildan Tailandning xorijdagi barcha elchixonalari va bosh konsullik muassasalarida elektron viza (“e-Visa”) xizmati joriy etildi. Fuqarolar “Thai E-Visa” onlayn elektron viza platformasi orqali ariza topshirishlari mumkin. Arizachilar pasport va tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxasini taqdim etishlari kerak emas.

Undan keyin mamlakatga havo, yer usti yoki dengiz transportida kelgan barcha chet elliklar uchun TM6 onlayn shaklini to‘ldirish bepul va majburiy bo‘lishi ma’lum qilindi.

Avvalroq TIV o‘zbekistonliklarning BAAga kirishi taqiqlangani haqidagi xabarlarni rad etgandi. Vazirlik ikki mamlakat o‘rtasidagi vizasiz tartib o‘z kuchida ekanligini hamda cheklovlar joriy etilmaganini ma’lumot qildi.