Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Abdumannop Bo‘riyev TESTO restoranlar tarmog‘i ta’sischilari bilan uchrashib, gastronomik ko‘cha tashkil etilayotgan Sodiq Azimov ko‘chasida joylashgan tarmoq bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishga va’da berdi.
Tarmoq hamta’sischisi Zamira Rahmonova gastronomik ko‘chani yaratish rejalari e’lon qilinganidan buyon TESTO g‘oyani qo‘llab-quvvatlagani, biroq taklif qilingan dizayn bino fasadiga to‘g‘ri kelmagani uchun rozi bo‘lishmaganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilning kuzida Yashnobod tumani hokimligi gastronomik ko‘chani yaratish bo‘yicha ishlarni boshlab, biroq loyihani oxiriga yetkazmagan. Natijada bu restoranga mehmonlarning kelishini qiyinlashtirdi, avtoturargoh va piyodalar uchun sharoitlar bo‘lmadi, bu esa muassasaning daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
“Biz hozir ishlashga va to‘g‘ri gapirishga qo‘rqamiz. Ulardan (Yashnobod hokimligi — Spot izohi) „Agar ta’mirlamasangiz, joyni boshqa kafega beramiz“ degan tahdid bo‘lgan”, — dedi TESTO hamta’sischisi Nargiza Ulug‘ova.
Abdumannop Bo‘riyevning tuman hokimligi tomonidan gastronomik ko‘cha bilan bog‘liq rasmiy hujjatlar taqdim etilganmi, degan savoliga tadbirkorlar faqat muassasaning dizayni aks etgan master-reja ko‘rsatilganini aytishdi. “Biz birinchi kunning o‘zidayoq bu dizayn bizga to‘g‘ri kelmasligini aytganmiz”, — deya tushuntirdi Zamira Rahmonova.
Biroq Yashnobod hokimligi TESTO‘dan ta’mirlashni boshlashni talab qilgan, muassasa esa ta’mirlash “katta mablag‘” talab qilgani bois tuman hokimligidan hujjat taqdim etishni so‘ragan. 21-aprel kuni talab bajarilmaganidan so‘ng taxminan 4−5 soat davomida TESTO filialida elektr ta’minoti uzildi.
Elektr energiyasining vaqtincha to‘xtatilishi ba’zi muzlatilgan yarim tayyor mahsulotlarning buzilishiga olib kelgan. Tadbirkorlarning ta’kidlashicha, TESTO elektr tarmoqlaridan ogohlantirishlarsiz, shuningdek, hisobda oldindan to‘lov mavjud bo‘lishiga qaramasdan uzilgan.
“Biz Zamira bilan hozir buni boshlasak, kichik muammo katta muammoga aylanib ketishidan qo‘rqamiz. Bizda 70 dan ortiq xodim ishlaydi, agar biznesimizga biror narsa bo‘lsa, ular ishsiz qolishi mumkin”, — deya tushuntirdi Nargiza Ulug‘ova.
Abdumannop Bo‘riyev TESTO ta’sischilarini qo‘rqmaslikka chaqirdi. Deputatning ta’kidlashicha, gastronomik ko‘chasi ham biznes, ham tashrif buyuruvchilar manfaati uchun yaratiladi, biroq muammolar ijrochilar darajasida paydo bo‘lmoqda. “Salla, desa, kallasini olib keladigan ijrochilarmiz bor, afsuski”, dedi u.
O‘zLiDeP vakili Toshkent shahar hokimligiga deputatlik so‘rovini kiritish, TESTO bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga olish, elektr ta’minotidagi uzilish masalasini ko‘tarish hamda elektr ta’minotidagi asossiz uzilish holati aniqlansa, mas’ullarga tegishli chora ko‘rishga va’da berdi.
Deputatlik so‘rovi
24-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Abdumannop Bo‘riyev yuqoridagi masala yuzasidan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzaqovga deputatlik so‘rovini yubordi.
Deputat unda poytaxtda turizm hamda xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish maqsadida 24/7 rejimida ishlovchi ko‘ngilochar va gastronomik ko‘chalarni tashkil etish jarayonida ishlar tizimli tashkil etilmaganligi faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga zarar yetkazayotganligini hamda ularning noroziligiga sabab bo‘layotganligini qayd etgan.
Bo‘riyev Testo restoranlar tarmog‘i bilan bog‘liq vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida muassasa joylashgan Sodiq Azimov ko‘chasida o‘rganishlar o‘tkazilganini ta’kidladi.
Shuningdek, u so‘rovda qonunchilik bilan davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlar faoliyatiga aralashishga haqli emasligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z vakolatlari doirasida ularni himoya qilish kafolatlari va choralarini belgilashi nazarda tutilganini eslatgan.
Shulardan kelib chiqib, Bo‘riyev poytaxt hokimidan Sodiq Azimov ko‘chasida olib borilayotgan ta’mirlash ishlarining tadbirkorlar faoliyatiga ta’siri hamda Yashnobod tumani hokimligi va boshqa mutasaddilarning ular faoliyatiga noqonuniy aralashish holatlarining oldini olishga qaratilgan choralar bo‘yicha 10 kun muddat ichida asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘ragan.
Nima bo‘lgandi?
21-aprel kuni TESTO tarmog‘i hamta’sischisi Zamira Rahmonova Yashnobod tumani hokimligi Sodiq Azimov ko‘chasidagi filial va boshqa bir nechta umumiy ovqatlanish shoxobchalarida elektr ta’minotini o‘chirib qo‘yganini ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, bungacha tuman hokimligi muassasaning fasadi va unga tutash hududni rekonstruksiya qilish bo‘yicha bir qator talablarni ilgari surgan. Ular o‘tgan hafta, 18-aprel kuni poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning “gastronomik” ko‘chani tashkil etish ishlari bilan tanishish uchun tashrifidan so‘ng e’lon qilingan edi.
TESTO’ga 1-maygacha “yozgi hududni zonalashtirishni yakunlash, bruschatka yotqizish, fasadni ta’mirlash va tutash hududni obodonlashtirish” topshirildi. Ko‘rsatma va ogohlantirishlar faqat og‘zaki shaklda, rasmiy hujjatlarsiz berilgan, deyiladi xabarda.
Kompaniya hokimlik bilan hamkorlik qilishga va barcha talablarni bajarishga tayyorligini ta’kidladi. Shu bilan birga, barcha ishlar TESTO hisobidan amalga oshiriladi, shuning uchun Rahmonova moliyaviy muammolar va kredit yukidan qochish uchun ishlarni bajarishning “qulay muddatlarini mustaqil ravishda belgilashni” so‘radi.
Shuningdek, u ma’muriyat harakatlarining qonuniyligiga shubha bildirdi. “Tayyor obodonlashtirish rejasining yo‘qligi elektr ta’minotini o‘chirishga asos bo‘la oladimi?” — deya so‘radi tadbirkor ayol.
Bundan tashqari, Rahmanova mijozlarni yo‘qotish va buzilgan yarim tayyor mahsulotlar tufayli yetkazilgan zararlarni qoplash mavzusiga to‘xtaldi. Nafaqat TESTO, balki qo‘shni muassasalar ham elektr ta’minotisiz qolgan, shu sababli ushbu ko‘chadagi biznes faoliyatida to‘xtash kuzatilgan.
“Biz turistik ko‘chani yaratish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz, biroq bunday choralar faoliyat yuritayotgan korxonalarga zarar yetkazmasligi kerak, deb hisoblaymiz,” — deya ta’kidladi TESTO asoschisi.
Sodiq Azimov ko‘chasida 2024-yilning avgust oyidan beri ta’mirlash ishlari olib borilmoqda (bo‘lajak “gastronomik” ko‘cha loyihasi esa oktabr oyida e’lon qilingan — Spot). Uning doirasida TESTO muassasa konsepsiyasiga mos kelmaydigan fasad dizaynini taklif qildi. Kompaniya o‘z hisobidan brendning o‘ziga xosligini hisobga olgan holda loyiha ishlab chiqishga qaror qilgan.
Kichik biznes uchun ochiq e’lon qilish — manfaatlarni himoya qilishning yagona usuli, deya qayd etdi Rahmonova. Shuningdek, u “biznes va hokimiyat organlari o‘rtasida tizimli yondashuv, ochiq muloqot va o‘zaro hurmat” zarurligini ta’kidladi.
Poytaxt hokimligi Sodiq Azimov ko‘chasida elektr ta’minotining o‘chirilishining Umurzoqov tashrifi bilan “hech qanday aloqasi yo‘q"ligini va qasddan qilinmaganini Spot’ga ma’lum qildi. “Vaqtinchalik texnik nosozliklar” bir necha soat ichida bartaraf etildi, deya qo‘shimcha qildi hokimlik.
22-aprelga kelib, Zamira Rahmonova elektr ta’minoti 21-aprel kuni soat 21:17 da tiklanganini, energiya ta’minoti barqaror ishlayotganini bildirdi. Biroq, elektr energiyasi bo‘lmagan vaqt davomida muassasa taxminan 20 mln so‘m miqdorida daromad olmagan. “Kichik biznes uchun bu sezilarli yo‘qotish bo‘lib, birinchi navbatda xodimlarning ish haqiga ta’sir qiladi”, deb yozdi u.
Shuningdek, tarmoq hamta’sischisi kafe fasadi ustida ish boshlanmaganini bir nechta sabablarini keltirib, buni o‘tgan yilning avgustida boshlangan ta’mirlash ishlari tushumning 30% ga kamayishiga olib kelgani, mablag‘ to‘plash va obodonlashtirishga sarmoya kiritish imkoniyatlarini cheklagani bilan izohladi.
“Yana bir sabab esa qonunchilik kafolatlarining yo‘qligi. Ayni paytda yozgi terrasalardan foydalanishni tartibga soluvchi me’yoriy hujjat mavjud emas. 2024-yilning avgust oyida prezident kafe va restoranlarga yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun soliqni rasman to‘lash va terrasalardan qonuniy foydalanish imkonini beruvchi mexanizmni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergandi. Biroq bunday qonun haligacha qabul qilinmagan va bizning hisobimizdan ishlar amalga oshirilgach, terrasa yopilmasligiga ishonch yo‘q”, — deydi Rahmonova.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Basri Baba, China Chuan Chuan, CakeLab hamda Bon! restoranlarida davlat tilida menyu taqdim etilishini ta’minlagani haqida xabar berilgandi.