O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘zbekistonliklarning Birlashgan Arab Amirliklariga kirishi taqiqlangani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Vazirlik matbuot kotibi Axror Burxanov ijtimoiy tarmoqlarda shu mazmunda tarqalayotgan xabarlarni “asossiz va feyk” deb atadi.
“O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi mavjud vizasiz tartib o‘z kuchida qolmoqda. Rasmiy manbalar bunday choralar joriy etilgani haqida hech qanday ma’lumot bermagan”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, vazirlik fuqarolarni faqat rasmiy va tasdiqlangan manbalarga ishonishlarini so‘ramoqda.
Bundan oldin TIV BAAda o‘zbekistonliklar tomonidan sodir etilgan holat yuzasidan munosabat bildirib, O‘zbekiston diplomatlari holatga aniqlik kiritish uchun Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashganini ma’lum qilgandi. Hozirda 15 nafar fuqaro qo‘lga olingan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotgani ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
TIV tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan ish olib borayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, fuqarolar “Xorijdagi yurtdoshlar sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqiril"di.
2024-yil boshida BAA O‘zbekiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejimni joriy qildi. 16-fevraldan boshlab o‘zbekistonliklar amirliklarda 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin.
O‘sha yilning noyabr oyida Wizz Air aviakompaniyasining Toshkentdan Abu-Dabiga 5W7160 reysi bilan uchib borgan 31 nafar erkak tushuntirishlarsiz ushlab turildi. Ular boshqa yo‘lovchilardan ajratib olinib, pasportlari olib qo‘yilgan, tashrif maqsadi va davomiyligi haqida so‘roq qilindi.
Oradan bir kun o‘tib, aeroportdan chiqarilmagan va u yerda bir sutkadan ortiq qolib ketgan 13 nafarga yaqin fuqaro Toshkentga qaytib keldi. Keyinroq boshqa reys bilan borgan boshqa erkaklar ham ushlab turilgan ma’lum bo‘ldi. Biroq, ularning soni noma’lum. TIV ushbu vaziyatni mamlakat bilan ko‘rib chiqa boshladi.
Avvalroq O‘zbekiston va Vetnam vizasiz rejim joriy etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Tomonlar sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha kompleks dastur tayyorlashga kelishib oldi. Vietnam Airlines bilan hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.