UzAuto Motors ijtimoiy tarmoqlarda Malibu-2 avtomobillari Qozog‘istondan O‘zbekistonga qaytarilgani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.

Kompaniya matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, videxabarlardagi keltirilgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

“Videoda ko‘rsatilgan Malibu-2 avtomobillari partiyasi Xitoydan Qozog‘iston hududi orqali belgilangan tartib-qoidalarga to‘liq rioya qilgan holda O‘zbekistonga yuborilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, avtomobil ishlab chiqaruvchisi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatmaslikni, rasmiy ma’lumotlarni kompaniya sayti hamda rasmiy sahifalaridan olishni so‘ragan.

“Inomarka"siz rasmiylar

5-mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev rasmiylarga xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, mamlakatda ishlab chiqarilgan avtomobil va mebelga o‘tish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.

Bir necha kundan keyin esa bosh vazir Abdulla Aripov barcha amaldorlarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni to‘xtatishni topshirdi, uning o‘zi esa xizmat avtomobilini Mercedes-Benz'dan Malibu’ga o‘zgartirdi.

Bundan tashqari, Senat raisi Tanzila Narbayeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Chevrolet Tahoe, bosh vazir o‘rinbosarlari Malibu, viloyat hokimlari esa Tahoe yoki Traverse avtomobillariga o‘tdi.

Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov esa xizmat avtomobili sifatida Mercedes-Benz o‘rniga Malibu’dan foydalanmoqda. Tuman hokimlari ham Chevrolet avtomobillaridan foydalanishni boshlagan. Shu kungacha foydalanib kelingan avtomobillar bosqichma-bosqich E-auksion orqali sotilishi belgilangandi.

10-aprel kuni UzAuto Motors Chevrolet Malibu, Traverse va Tahoe avtomobillari sotuvini vaqtincha to‘xtatgani ma’lum bo‘ldi. Hali ham Uzavtosavdo saytida faqat Damas-2, Tracker-2, Captiva 5T va Onix avtomobillari uchun shartnoma tuzish mumkin.

Kompaniya matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, ushbu modellar uchun to‘liq shartnoma tuzilgan. Qo‘shimcha hajmlarni “tez orada” sotuvga chiqarish rejalashtirilgan.

Amaldorlarning xorijiy xizmat avtomobillaridan voz kechib, mahalliy avtomobillarga o‘tishi fonida O‘zbekneftgaz 5 ta xizmat avtomobilini auksionga chiqardi. Ular qatorida 2018−2020 yillarda ishlab chiqarilgan uchta Mercedes-Benz, Toyota Land Cruiser hamda Chevrolet Tahoe bor.

Avvalroq Spot yangi avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun onlayn ariza jo‘natish imkoni yaratilgani haqida yozgandi.