O‘zbekistonning ikkita hududida fuqarolarni chet elga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, departamentning Samarqand shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda S.S MChJ ta’sischisi O.O‘. va ish boshqaruvchisi S.R. tomonidan firibgarlik holatlari aniqlandi.

Mazkur shaxslar internet orqali aholini xorijiy davlatlarga ishga yuborishlari haqida e’lon berib, 6 nafar fuqaroni Germaniya va Angliyaga ishga yuborish evaziga ularning jami $12 700 mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

firibgarlik, xorijda ish, angliya, germaniya

Shu kabi tezkor tadbir departamentning Toshkent shahar Uchtepa tumani bo‘limi tomonidan DXX va IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Natijada, fuqaro Y.M. fuqaro I.S. va uning 4 nafar tanishlarini $12 ming evaziga Germaniyaga borishi uchun viza olib berishini aytib, shundan $6 mingini firibgarlik orqali olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlar o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Toshkentda soxta Call-markaz jinoiy guruhi ushlangani haqida xabar berilgandi. Firibgarlar fuqarolarning bank kartalaridagi pullari va shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritish bilan shug‘ullangan. Xususan, 15 mingdan ortiq aholining shaxsiy ma’lumotlari o‘zlashtirilgan.