Amazon kompaniyasi Yer atrofidagi past orbitaga dastlabki 27 ta internet sun’iy yo‘ldoshini olib chiqdi, deya xabar bermoqda Reuters.
Ular Florida shtatidagi Kanaveral burnidagi kosmik kuchlar bazasidan United Launch Alliance kompaniyasining Atlas V raketasida uchirilgan. 9-apreldagi birinchi parvozga urinish yomon ob-havo tufayli bekor qilindi.
Qayd etilishicha, kompaniya $10 mlrdlik Project Kuiper loyihasi doirasida Amazon 3236 ta sun’iy yo‘ldosh uchirishni rejalashtirmoqda.
https://twitter.com/Reuters/status/1916986037617791389?
Loyihaning maqsadi butun dunyo bo‘ylab iste’molchilar, korxonalar va hukumatlar — Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi uzoq yillardan beri Starlink yordamida jalb qilib kelayotgan mijozlar uchun internetga keng polosali ulanishni ta’minlashdan iborat, deb yozadi agentlik.
Ta’kidlanishicha, Kuiper hozirda Amazonning eng yirik tijorat yo‘nalishi bo‘lishi mumkin. U Starlink va AT&T hamda T-Mobile kabi global telekommunikatsiya provayderlari bilan raqobatlashmoqda.
Kompaniya bu xizmatni aloqa zaif yoki umuman mavjud bo‘lmagan qishloq hududlari uchun foydali yechim sifatida taqdim etmoqda.
Reuters’ning aniqlik kiritishicha, birinchi sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish missiyasi bir yildan ortiq muddatga kechiktirildi. Kompaniya ilgari sun’iy yo‘ldoshlarning dastlabki partiyasini 2024-yil boshida uchirishni rejalashtirgan edi.
Tahlilchilarning aytishicha, AQSh Federal aloqa komissiyasi kompaniyaga sun’iy yo‘ldoshlarning yarmini (1618 ta) 2026-yil o‘rtalarigacha joylashtirish muddatini belgilagan.
Avvalroq Amazon Xitoy va boshqa Osiyo mamlakatlaridan yetkazib berish buyurtmalarini bekor qilishni boshlagani haqida xabar berilgandi.
Bekor qilish Tramp tomonidan joriy qilingan bojlar sababli bo‘lib, hozircha aniq qanday mahsulotlar yetkazib berilmasligi, ularning soni va hajmi noma’lum.