Avvalroq 21-aprel kuni qabul qilingan prezident farmoni bilan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar asosida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish belgilangan.

“Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini tayyorlash topshirildi. Unda deklaratsiya subyektlari va obyektlari, ma’lumotlar, deklaratsiyani taqdim etish shakli va tartibi, uni tekshirish tartibi belgilanadi.

Mas’ul ijrochilar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi hamda Bosh prokuratura hisoblanadi.

Gazeta.uz nashrining aniqlashicha, kengash yig‘ilishida quyidagi 6 ta toifadagi ma’lumotlarni majburiy oshkor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish topshirilgan:

  • deklarantning familiyasi, ismi, otasining ismi;
  • turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • ish joyi va egallab turgan lavozimi;
  • jami yillik daromad;
  • ko‘chmas mulk obyektlari;
  • transport vositalari.

Bunda 20 ta toifadagi ma’lumotlar, jumladan, yashash joyi, qishloq xo‘jaligi va xususiy amaliyotdan olingan daromadlar, qimmatli qog‘ozlarga egalik qilish, pul mablag‘lari va omonatlar, olingan meros, BHMning 200 baravarigacha (75 mln so‘m) miqdordagi sovg‘alar, gonorarlar, BHMning 100 baravarigacha (37,5 mln so‘m) miqdordagi pul mukofotlari, yutuqlar va boshqalar oshkor etilmaydi.

Jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi. Pul yuvish uchun belgilangan jazo choralari qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi asosida qayta ko‘rib chiqiladi. Insayder axborotdan foydalanish yoki qimmatli qog‘ozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish bilan bog‘liq holatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etiladi.

Bundan tashqari, vazirlikka nomzodlar uchun o‘z sohasi bo‘yicha korrupsiyaning oldini olish rejalarini Oliy Majlis oldida majburiy himoya qilishni joriy etish rejalashtirilmoqda. Xuddi shunday tartib hokimlikka nomzodlar uchun ham amal qiladi.

Iyun oyi oxiriga qadar korrupsiya jinoyatlarining aniq ro‘yxatini hamda bu borada jazo choralarini kuchaytiruvchi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Hujjat korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish va himoya qilish tartibini nazarda tutishi kerak.

Mart oyida o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilish vaqti kelganini ta’kidlanib, mutasaddilarga tez fursatda qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish va 1-aprelgacha kiritishni topshirgandi. Unda noqonuniy boylik orttirish uchun javobgarlik masalasi ko‘rish chiqiladi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonni amaldorlar daromadlarini deklaratsiyalash hamda xabardor qiluvchilarni himoya qilishga qaratilgan qonunni “imkon qadar tezroq” qabul qilishga chaqirdi.

Avvalroq fuqarolarning yirik miqdordagi pul o‘tkazmalari ustidan nazorat kuchaytirilishi haqida xabar berilgandi. Qonun loyihasi bilan muhim to‘lov toifasini joriy etish, to‘lov tizimidagi qoidabuzarliklarni toifalarga ajratish hamda uch yoki undan ortiq pul o‘tkazmalari nazoratini avtomatlashtirish rejalashtirilmoqda.