Rossiyaning AvtoVAZ kompaniyasi O‘zbekistonda mahalliy brend nomi ostida avtomobil yig‘ishni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqda avtomobil ishlab chiqaruvchisi rahbari Maksim Sokolovga tayanib, TASS nashri xabar berdi.
Sokolovning qayd etishicha, o‘zbekistonlik hamkorlar tayyor bo‘lsa, loyiha 2025-yilning o‘zida amalga oshishi mumkin.
“Hozirda biz muvaffaqiyatli hamkorlarimiz bilan aloqalarni qayta yo‘lga qo‘yishga intilmoqdamiz. Bu nafaqat tayyor avtomobillarimizni eksport qilish orqali oddiy savdoni, balki mahsulotlarimizni bosqichma-bosqich mahalliylashtirish va hatto ularni mahalliy o‘zbek brendi ostida ishlab chiqarish imkoniyatini ham o‘z ichiga oladi”, — dedi u.
Shu bilan birga, Maksim Sokolov yig‘ishni amalga oshirishning birinchi bosqichi uchun AvtoVAZ Lada Largus avtomobillari modelini ko‘rib chiqayotganini ta’kidladi. Uning aniqlik kiritishicha, loyiha faol ishlab chiqish bosqichida.
Avtomobillarni yig‘ishni amalga oshirish uchun AvtoVAZ birinchi bosqichda “Largus avtomobillarini chuqurroq lokalizatsiya qilish” va yirik uzelli yig‘ish (SKD) formatiga ruxsat beradi.
O‘tgan hafta AvtoVAZ rahbari Maksim Sokolov eksport bozorlarida ishtirok etishni tiklash rejalari haqida ma’lum qilgandi. Avtomobil ishlab chiqaruvchi O‘zbekiston bozoriga Lada Granta va Iskra modellari bilan qaytishni rejalashtirmoqda.
“Birinchi navbatda, albatta, bu Belarus bozori, O‘zbekiston, u yerda biz ham 2022-yilgacha bo‘lgan savdo hajmlarimizni tiklamoqchimiz, Qozog‘iston ham”, — dedi u.
Lada’ni mahalliylashtirish
O‘zbekistonda “Lada"ning keng ko‘lamli yig‘ilishi (SKD) 2021-yil oktabr oyida boshlangan. “Roodell” kompaniyasining Jizzaxdagi “ADM” zavodida mahalliy bozor uchun uchta model — “Vesta”, “Largus”, “XRay” ishlab chiqarildi.
2022-yil iyun oyida “Roodell” “Lada"ning to‘liq ishlab chiqarish siklini ishga tushirishga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.
Zavod hududida ustaxonalar uchun yangi binolar qurish ishlari olib borilib, u yerda yangi modellarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan edi.
O‘tgan yilning aprel oyida “AvtoVAZ” prezidenti Maksim Sokolov O‘zbekistonda yangi “Lada Vesta” rusumli avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari haqida gapirgandi. Konsern Jizzaxda yiliga 30 mingtagacha avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirgan.
Avvalroq Rossiyaning Transport budushego kompaniyasi yil oxirigacha O‘zbekistonda dron ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.