Joriy yilning birinchi choragida elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonda qancha soliq to‘lagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatdagi jami 68 ta xorijiy IT-kompaniyaning soliq to‘lovlari 36,2 mlrd so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha — $2,79 mln) ni tashkil etdi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravarga oshgan. Tushumlarning 94,5%i 10 ta xorijiy bigtex hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, xorijiy kompaniyalar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 47% ga — 208,6 mlrd so‘mdan 306,6 mlrd so‘mga o‘sdi. Yil boshidan 6 ta soliq to‘lovchi ro‘yxatga olingan: Alibaba Cloud, eBay, OpenAI, DigitalOcean, ivi.ru hamda Bloomberg LP.

Yanvar-mart oylarida Apple eng ko‘p soliq to‘lagan (10,67 mlrd so‘m) kompaniya bo‘ldi. Meta esa undan biroz kamroq ko‘rsatkich (10,51 mlrd so‘m) bilan ikkinchi o‘ringa tushdi.

O‘z navbatida, Google ham 8,93 mlrd so‘m to‘lovlar bilan bir pog‘ona pasaydi. Shuningdek, top-5 talikka birinchi marta 1,09 mlrd so‘m bilan OpenAI hamda 934,8 mln so‘m bilan O‘zbekistonda bloklangan TikTok kirdi.

Bundan tashqari, ro‘yxatdan Booking.com (542,7 mln so‘m), Netflix (467,6 mln so‘m), Zoom (432,6 mln so‘m), Acca (427 mln so‘m) va Xsolla (235,6 mln so‘m) ham joy oldi.

2020-yilning mart oyidan O‘zbekistonda xizmatlar va tovarlarni sotuvchi xorijiy elektron tijorat kompaniyalarini soliqqa tortish tartibi kuchga kirgan. Ular jismoniy shaxslarga ko‘rsatilgan sotuvlar bo‘yicha QQS to‘lovchilari sifatida tan olinadi.

Avvalroq o‘zini o‘zi band qilgan taksichilar uchun soliqlar yangi tartibda undirilishi haqida xabar berilgandi. Xizmat ko‘rsatishda daromadlari 100 mln so‘mdan oshgan fuqarolarning soliqlari soliq agentining to‘lov manbaida avtomatik hisoblanadi.