28-aprel kuni Ispaniya va Portugaliyaning deyarli butun hududini qamrab olgan keng ko‘lamli elektr ta’minoti uzilishi iqtisodiyot va aholi uchun jiddiy oqibatlarga olib keldi.

The Objective nashrining xabar berishicha, dastlabki baholashlarga ko‘ra, bu hodisa Ispaniya iqtisodiyotiga kamida 1 mlrd yevro miqdorida zarar yetkazgan.

Eng katta zarar sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalariga yetdi. Sanoat sohasidagi yo‘qotishlar taxminan 575 mln yevro, xizmat ko‘rsatish sohasidagi yo‘qotishlar esa 500 mln yevro miqdorida baholanmoqda.

Elektr quvvati uzilishi to‘satdan va deyarli bir vaqtning o‘zida ikkala mamlakatda yuz berdi, shuningdek, Fransiya va hatto Belgiyaga ham qisman ta’sir ko‘rsatdi.

Ispaniyaning Red Eléctrica elektr tarmog‘i operatori rahbari Eduardo Prietoning aytishicha, mamlakat 5 soniya ichida 15 gigavatt ishlab chiqarish quvvatini yo‘qotgan — bu umumiy ehtiyojning 60%ini tashkil etadi. Ushbu hodisa Fransiya va Ispaniya o‘rtasidagi davlatlararo elektr uzatish liniyasida “qulash"ni keltirib chiqardi, natijada butun tizimning ketma-ket ishdan chiqishiga sabab bo‘ldi.

Hozircha sodir bo‘lgan voqeaning rasmiy talqini yo‘q. Ehtimoliy sabablar qatorida Fransiyaning janubi-g‘arbidagi elektr uzatish liniyasidagi avariya, Yevropa energiya tizimidagi texnik nosozlik, shuningdek, Portugaliya hukumati va Ispaniya razvedkasi versiyasiga ko‘ra, kiberhujum ko‘rib chiqilmoqda.

Biroq, Portugaliya Milliy kiberxavfsizlik markazi hozircha kiberhujum versiyasini tasdiqlash uchun hech qanday dalil topilmaganini ma’lum qildi.

Elektr uzilishi transport ishini ham to‘xtatib qo‘ydi. Poyezdlar, metro va tramvaylar harakati to‘xtatildi. Madrid va Valensiyada yo‘lovchilar tunnelda qolib ketgan vagonlardan evakuatsiya qilindi. Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning so‘zlariga ko‘ra, 100 ta poyezdda 35 mingga yaqin odam qamalib qolgan.

Madrid va Lissabon aeroportlari vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatdi, yuzlab reyslar kechiktirildi yoki bekor qilindi. Barselona va boshqa shaharlarda bankomatlarga navbatlar hosil bo‘ldi, ularning ko‘pchiligi ishlamay qoldi.

Elektron to‘lovlar deyarli amalga oshmadi. Madrid hokimiyati favqulodda holat rejimini e’lon qildi va aholini uylariga yetkazib qo‘yish uchun bepul avtobuslar xizmatini tashkil etdi.

Ford, Seat, CAF kabi yirik sanoat korxonalari hamda Tarragondagi neft-kimyo sanoati 10 soatdan ortiq vaqt davomida elektr energiyasiz qoldi. Kompaniyalar zaxira generatorlariga ega bo‘lsa-da, hukumat ulardan faqat hayotiy zarur ehtiyojlar uchungina foydalanishni tavsiya etdi.

The Objective nashrining yozishicha, ko‘pchilik korxonalar vaziyat oydinlashishini kutib, ishlab chiqarishni to‘xtatishga qaror qillgan.

Mamlakatda kichik biznes bunday elektr uzilishiga tayyor emasligi ma’lum bo‘ldi. Barselonadagi bar egasi Mariya Luiza Pinol Reuters’ga o‘z korxonasini yopishga majbur bo‘lganini aytdi.

“Barcha oziq-ovqatlar buzilishidan va sug‘urta kompaniyasi zararni qoplamay qo‘yishidan xavotirdamiz”, — degan u.

Voqea allaqachon mutaxassislar orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Shamol va quyosh energiyasi ulushi dunyodagi eng yuqori hududlardan biri bo‘lgan mintaqa uzilishlarga nisbatan zaif ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Reuters tahlilchisi Jon Kempning fikricha, bu elektr uzilishi qayta tiklanadigan energiya manbalariga bog‘liq bo‘lgan energiya tizimlarining ishonchliligi va tiklash imkoniyatlarini o‘rganish uchun namuna vazifasini o‘taydi.

Yevropa komissiyasi Ispaniya va Portugaliya energiya tizimlarini tiklashni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

29-aprel kuni ertalabga kelib, aksariyat hududlarda elektr ta’minoti tiklandi. Ammo elektr ta’minoti uzilishi sabablari ochiqligicha qolmoqda.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda 1-maydan elektr energiyasi va gaz tariflari oshirilishi haqida yozgandi.