29-aprel kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida xodimlarni ishdan olish shartlarini yengillashtirish bo‘yicha loyiha rad etildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi Mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni erkinlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Deputatlar mehnat qonunchiligida xususiy sektor uchun ijtimoiy majburiyatlar ko‘pligi sohadagi huquqiy mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish zaruriyatini yuzaga chiqarayotganini ta’kidlashdi.

Xususan, davlat va xususiy sektorda ish beruvchilar uchun bir xil ijtimoiy majburiyatlar kichik tadbirkorlarning moliyaviy barqarorligiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa xodimlarni ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish jarayonlarining rasmiy qayd etilmasligiga olib kelmoqda.

Qonun loyihasi bilan mehnat shartnomasi xodim tashabbusi bilan bekor qilinganda arizani chaqirib olishda ish beruvchining ishtirokini ta’minlash orqali tomonlarning mas’uliyatini oshirish belgilanmoqda. Agar shartnoma korxona tomonidan bekor qilinsa, kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki mahalliy mehnat organi bilan kelishish jarayonlarini soddalashtirish orqali xabardor qilish tartibiga o‘tkaziladi.

mehnat kodeksi, mehnat munosabatlari, qonun loyihasi, qonunchilik, xususiy sektor

Shu bilan birga, xodimning uzoq muddat mehnatga qobiliyatsiz bo‘lishi natijasida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari takomillashtiriladi. Tadbirkorlarda o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ogohlantirish muddati va kompensatsiya to‘lovlari bekor qilinadi.

Majlisda “qizg‘in muhokama, bahs va tortishuvlarga sabab bo‘lgan” qonun loyihasi yetarli ovoz ololmagani uchun tashabbuskorlarga qaytarildi.

Avvalroq Spot Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarning ish beruvchi va xodimlarga qanday ta’sir etishi borasida Utax soliq maslahatchilari tashkiloti yuristi Avazbek Avazniyazov bilan suhbatlashgandi.