Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 5 mln 796,1 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 18% ga o‘sgan. 2021-yil bilan taqqoslaganda esa, ikki baravar oshgan.
Yanvar-mart oylarida hududlar kesimida eng yuqori ish haqi Toshkent shahriga to‘g‘ri keldi — 9,88 mln so‘m (22,7%).
Keyingi o‘rinlarda 7,33 mln so‘m bilan Navoiy hamda 5,43 mln so‘m bilan Toshkent viloyatlari turibdi. Ish haqining eng kam miqdori esa 4,08 mln so‘m bilan Qashqadaryo viloyatida qayd etildi.
Hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi:
№ | Hududlar | O‘rtacha oylik ish haqi | 2024-yilning mos davriga nisbatan o‘sish |
1 | Toshkent shahri | 9 889 100 so‘m | 22,7% |
2 | Navoiy viloyati | 7 330 900 so‘m | 12,6% |
3 | Toshkent viloyati | 5 435 600 so‘m | 14,3% |
4 | Andijon viloyati | 4 874 500 so‘m | 11% |
5 | Buxoro viloyati | 4 763 900 so‘m | 18,5% |
6 | Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 4 672 100 so‘m | 15% |
7 | Sirdaryo viloyati | 4 662 300 so‘m | 18,5% |
8 | Xorazm viloyati | 4 580 200 so‘m | 14,3% |
9 | Jizzax viloyati | 4 370 100 so‘m | 17,4% |
10 | Samarqand viloyati | 4 353 100 so‘m | 17,6% |
11 | Namangan viloyati | 4 276 900 so‘m | 16,1% |
12 | Surxondaryo viloyati | 4 209 100 so‘m | 19,1% |
13 | Farg‘ona viloyati | 4 203 000 so‘m | 13,7% |
14 | Qashqadaryo viloyati | 4 079 800 so‘m | 13,7% |
Yanvar-mart oylarida sohalar kesimida eng yuqori o‘sish (26,8%) axborot va aloqa sohasida kuzatilib, o‘rtacha oylik ish haqi 14,81 mln so‘mga yetdi. San’at, ko‘ngil ochish va dam olish yo‘nalishlarida o‘sish 20,2% ni, ish haqi esa 4,83 mln so‘mni tashkil etdi.
Bank va sug‘urta sohasida o‘rtacha ish haqi eng yuqori — 15,84 mln so‘mni qayd etganiga qaramay, o‘sish 19,8% bo‘ldi. Ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi 4,04 mln so‘m bilan 17,7% ga, tashish va saqlash sohalarida esa 8,71 mln so‘m bilan 16% ga oshgan.
Bu davrda eng past ish haqi (3,62 mln so‘m) sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida qayd etilib, o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11,1% ni tashkil etdi.
Axborot va aloqa sohasi
Mazkur sohaning asosiy tarmoqlari bo‘yicha o‘rtacha maoshning eng yuqori ko‘rsatkichi quyidagicha:
- dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar — 20,78 mln so‘m;
- axborot xizmatini ko‘rsatish — 19,51 mln so‘m;
- aloqa sohasi — 11,14 mln so‘m;
Moliya va sug‘urta sohasi
Bunda eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi majburiy ijtimoiy sug‘urtalashdan tashqari, qayta sug‘urtalash va nafaqa jamg‘armalari hamda moliyaviy xizmatlar va sug‘urtalash faoliyatida qayd etilgan — mos ravishda 17,74 mln va 17,53 mln so‘m.
Eng past ko‘rsatkich esa sug‘urtalash va nafaqa ta’minoti xizmatlarida (15 mln so‘m) kuzatilgan.
Ta’lim sohasi
Bu sohada o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda qayd etildi — 9,59 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 2,16 mln so‘m.
Texnik va professional ta’limda o‘rtacha maosh 4,15 mln so‘mni hamda umumiy o‘rta ta’limda 3,97 mln so‘mni tashkil etgan.
Avvalroq Markaziy bank 2024-yilda O‘zbekistonda mehnat bozori iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar sonining o‘sishi fonida yuqori faollikni ko‘rsatganini ma’lum qilgandi.