Markaziy bank bank kartalaridan to‘lovlarni amalga oshirishda nazorat kuchaytiriladi. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, deya xabar berdi O‘zbekiston Ekologik partiyasi matbuot xizmati.

Fraksiya yig‘ilishlarida deputatlar to‘lov vositalari va bank kartalaridan foydalanishda aholining raqamli moliyaviy savodxonligini oshirish va to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlarining faoliyatini takomillashtirish zarurati yuzaga kelayotganini qayd etishmoqda. Qonun loyihasi bilan ular faoliyatini yaxshilash, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishning yangi tizimlarini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, antifrod va biometrik identifikatsiya tizimlaridan foydalanish majburiyati joriy etilib, Markaziy bankka bu bo‘yicha talablarni belgilash vakolati berilishi taklif etilmoqda.

Regulyator tomonidan ruxsat etilmagan to‘lovlar aniqlanganda bank kartalari va mobil ilova akkauntlaridan foydalanishni uch kungacha cheklash to‘g‘risida to‘lov xizmatlari ko‘rsatuvchilarga ko‘rsatma yuborilishiga doir vakolat berilishi mumkin.

Shu bilan birga, to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar tomonidan mijozlarni biometrik identifikatsiyadan o‘tkazish Markaziy bankning biometrik identifikatsiya tizimi orqali amalga oshirilishiga oid talab kiritilmoqda.

Loyiha bilan to‘lov xizmatlari bozorini tartibga solish maqsadida banklar, to‘lov tashkilotlari va ularning to‘lov agentlari hamda subagentlariga ruxsat etiladigan to‘lov xizmatlari turlarini alohida belgilash ko‘zda tutilgan.

“Umuman olganda, bank plastik kartalaridan to‘loylarni amalga oshirishda nazoratni kuchaytirish taklif etilmoqda”, — deya qayd etildi Xalq demoktratik partiyasi xabarida.

Shuningdek, partiya fraksiyasi a’zolari qonun loyihasining konsepsiyasini ma’qullab, o‘z fikr-mulozalari hamda savollarini bildirdi. To‘lov xizmatlari bozorida kuzatilayotgan moliyaviy firibgarliklar, majburiyatlarning o‘z vaqtida bajarilmasligi bilan bog‘liq risklarning kamaytirilishi nazorantni kuchaytirish bilan birga, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishi kutilmoqda.

Onlayn bankingning qattiqlashtirilishi

O‘tgan yilning oktabrida Markaziy bank test rejimida shubhali frod operatsiyalarning oldini olish maqsadida onlayn kreditlar berishda vaqtinchalik tartibni joriy qildi. U 2024-yilning 1-noyabridan joriy yilning 1-apreligacha amal qiladi. Fuqarolar qarz olish uchun ariza berishda biometrik identifikatsiyadan o‘tishlari kerak.

Bunda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish bo‘yicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan o‘tishi talab etiladi. Bundan tashqari, kredit tashkiloti mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tishda yoki mavjud akkauntga kirishda, onlayn kredit ajratilganidan boshlab 48 soat davomida cheklovlar o‘rnatiladi.

Markaziy bankning sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov vaqtinchalik tartib tugagandan so‘ng onlayn kreditlar berish bo‘yicha cheklovlar saqlanib qolishini ma’lum qilgandi. Regulyator besh oy davomida onlayn to‘lovlar va pul o‘tkazmalari asosini belgilovchi mexanizmlarni takomillashtirish hamda qayta ishlashni rejalashtirgandi.

Shuningdek, Markaziy bank bitta fuqaroga ajratiladigan kartalar sonini chekladi. Mazkur tartib 2025-yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha amal qiladi. Banklar tomonidan bitta fuqaroga beriladigan kartalar bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda esa 20 tagachani tashkil etadi. Bunda mazkur talab virtual va kobeydjing kartalarni ham o‘z ichiga oladi, biroq chet el valyutasida ochilgan kartalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Avvalroq Markaziy bank banklarga mikroqarzlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirishi haqida xabar berilgandi. Bunda mikroqarzlar va kredit kartalarining kredit portfelidagi ulushi 25%dan oshmasligi kerak. Regulyator banklarga 2029-yilgacha muhlat berdi.