29-aprel kuni o‘tkazilgan Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini yaxshilashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Markaziy bank raisining o‘rinbosari Sodir Meliboyev loyiha to‘lov xizmatlari bozorini tartibga solish, moliyaviy xavf-xatarlarni hal qilish hamda foydalanuvchilar huquqlarini himoyalashga qaratilganini qayd etdi.

Bank kartalari orqali kuzatilayotgan firibgarlik holatlari banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlaridagi huquqbuzarliklarning oldini olishda antifrod hamda biometrik identifikatsiya tizimlarini tashkil etish zaruratini oshirmoqda. Shu bilan birga, onlayn to‘lovlar hajmining oshishi ularning xavfsizligini ta’minlashni taqozo etadi.

Ushbu qonun loyihasi bilan litsenziyalash jarayonlarini qisqartirish va banklarning to‘lov xizmatlari bozorida faoliyatini yanada rag‘batlantirish maqsadida banklarning to‘lov tizimi operatori sifatida faoliyatini boshlash uchun xabardor etish tartibi joriy qilinmoqda.

Xizmatlar bozorida tavakkalchiliklarning oldini olish uchun muhim to‘lov toifasi joriy etiladi. Ularga o‘zini o‘zi baholashdan o‘tkazish hamda tavakkalchilikni boshqarish tizimini joriy etish talabi belgilanmoqda.

To‘lov tizimi ishtirokchilari sifatida mazkur toifadagi tashkilotlarga qimmatli qog‘ozlar sohasida depozitariylar hamda kliring markazlari kiritilmoqda. To‘lov tizimi turlari 9 tadan 13 taga ko‘paytiriladi. To‘lov tashkilotlarida 5 ta, to‘lov agentlarida esa 6 ta ko‘rsatish mumkin bo‘lgan xizmatlar aniqlashtirilmoqda.

Aloqa operatorlariga alohida yuridik shaxs tashkil etmasdan litsenziya asosida to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Banklarga to‘lov tizimi operatori bo‘lish uchun litsenziya tartibi bekor qilinadi. Ularga ushbu faoliyatni xabardor qilish tartibida amalga oshirishga ruxsat beriladi.

To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari tomonidan fuqarolarga onlayn xizmatlar ko‘rsatishda texnik himoya usullarini takomillashtirish, antifrod tizimlarini joriy etish belgilanmoqda.

Shu bilan birga, ketma-ket uch yoki undan ortiq o‘tkazmalar nazoratini avtomatlashtirish, bank kartalaridan foydalanishni hamda jismoniy shaxslar o‘rtasida katta miqdordagi pul o‘tkazmalarini qo‘shimcha biometrik va boshqa himoya choralari orqali nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Meliboyev to‘lov faoliyatida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar uch toifa — qo‘pol, jiddiy hamda xavf katta bo‘lmagan toifalarga ajratilishini ta’kidladi. Ular asosida sanksiyalar qo‘llash tartibi joriy etiladi.

Markaziy bankka to‘lovlar xavfsizligini ta’minlash hamda iste’molchilar manfaatlarini himoyalash bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda. Loyiha tegishli idora hamda vazirliklar bilan kelishilgan. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

2023-yilning kuzida qabul qilingan raqamli texnologiyalar orqali sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishga qaratilgan prezident qarori bilan moliyaviy tashkilotlarda fuqarolar o‘rtasidagi yirik pul o‘tkazmalari ustidan nazorat joriy etish belgilangandi.

Joriy yilning aprel oyi boshida to‘lov xizmatlarida pul o‘tkazmalari ustidan nazorat kuchaytirilishi ma’lum qilingandi. 11,25 mln so‘mdan boshlangan pul o‘tkazmalari yuzasidan jo‘natuvchining shaxsiy ma’lumotlarini ilova qilish talab etiladi. Undan keyin Markaziy bank pul o‘tkazmalariga qo‘yiladigan yangi talablar yuzasidan izoh berdi.

Avvalroq ruxsat etilmagan to‘lovlar aniqlanganda kartalar va mobil ilova akkauntlaridan foydalanishni uch kungacha cheklanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.